ChcP4IOXtb6td8BcF7neJx8vBgjJCbI7 Front

Davlat ramzi – Vatanning muqaddas timsoli

2 iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun

Joriy yilning 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganiga 29 yil to‘ladi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi, uning mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni haqida Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Firuza MUHIDDINOVA O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Mamlakatimiz mustaqillikka erishganiga bir yil to‘lishi arafasida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani katta tarixiy voqeadir, – dedi F.Muhiddinova. – Davlat gerbi – davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzi sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.

O‘z navbatida, ramzlar haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Qadimda va hozirgi davrda ham ko‘plab mamlakatlar va xalqlar o‘z ramzlari orqali keng tanilmoqda. Jumladan, Fransiyada Eyfel minorasi, Misrda piramidalar, Amerika Qo‘shma Shtatlarida Ozodlik haykali bo‘lib, ramzlar ham siyosiy, ham tarixiy, ham ma’naviy boylikni ifoda etadi. Masalan, serenada Ispaniya bilan bog‘liqdir.

Xalqaro amaliyotda qabul qilingan davlat ramzlari esa alohida o‘rin egallaydi. Jumladan, gerb, bayroq va davlat madhiyasi. Shuning uchun davlat ramzlariga ham tarixiy kelib chiqishidan tortib, to huquqiy asoslarigacha qiziqish tobora ortmoqda.

O‘zbek davlatchiligi o‘z tarixi va hokimiyatni ifodalovchi ramzlarga ega bo‘lib, ular ajdodlar tamg‘asi, xonning muhrlarida o‘z ifodasini topgan. Hammaga tarixdan ayonki, sak qabilalari eng qadimgi qabilalardan bo‘lib, qabila o‘z totemiga ega bo‘lgan.

Shuningdek, qadimgi turkiy tamg‘alar turli darajada namoyon bo‘ladi: po‘stin turkiy xoqon, yabg‘u, tegin, ulug‘ rahnamolarning oliy hukmdorlarining qo‘lyozmalari, urug‘-qabila birlashmalari gerbi, shaxslar tamg‘alari va patriarxal oilalar (shaxsiy tamg‘alar, hatto nomdor, zotdor otlari uchun belgilar). Ular orasida qadimgi turkiy “xoqon” tamg‘a tog silueti shaklida keng tarqalgan.

Jumladan, tarixiy manbalarda voxtamg‘ali – Termiz, Sherobod, Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi qishloqdir. Voxtamg‘ali aslida uvoq yoki uvuq (uch qismi egik, o‘roqqa o‘xshash) shaklida bo‘lgan. Tamg‘asiga ko‘ra, urug‘, urug‘iga nisbatan aholi markazi nom olgan. O‘zbeklarning uvoq, uvoqtamg‘ali, degan urug‘i ham bor. Demak, o‘zbek davlatchiligi tarixida gerb o‘zining tarixiy rivojiga ega.

Yuqorida ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga ham 29 yil to‘lmoqda. Albatta, bu O‘zbekiston davlatchiligi uchun eng muhim voqea sanaladi. Qomusimizning 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega”, deya ramzlarimizning huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yilgani barchamizga ayon. Mustahkam huquqiy asosga ega bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamiz davlat va xalq birligini namoyon etadi. Bu o‘z erkiga ega bo‘lgan xalqning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, milliy g‘urur bag‘ishlaydi.

Shu ma’noda, gerbimiz qabul qilingan qutlug‘ sana munosabati bilan uning ta’rifiyu huquqiy asosini yana bir karra eslash joiz, deb o‘ylaymiz. Gerbimizdagi tasvirlar O‘zbekiston sarhadida qadimdan davlat va xalqlar mavjud bo‘lgani, tarixiy rivojlanishidagi bog‘liqlik hamda yurtimiz hududida yashovchi millatlar va elatlarning an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan. Zero, tamg‘adagi har bir chiziq, har bir rang, har bir belgida xalq va yurtning tarixiy-ma’naviy jihati aks etgan. Jumladan, O‘zbekiston jannatmonand o‘lka ekanining haqiqiy manzarasi tamg‘ada o‘z ifodasini topgan. Asrlar davomida “oq oltin”, deb ulug‘langan g‘o‘za chanoqlari ochilgan tasvir o‘ng tomondan boshlanib, chap tomonda rizq-ro‘zimiz bo‘lmish bug‘doy boshoqlari, tog‘u daryolari bor gullagan vodiy uzra nur sochgan quyosh tasviri tushirilgan tamg‘a izoh talab etmasligi ayni haqiqatdir.

Bir e’tibor bering-a, yuqori qismidagi sakkizburchak ichida yarimoy va yulduz azaliy xalqning istiqbolini aks ettirgan bo‘lsa, buning mantiqiy davomi sifatida gerbning markazida qanotlarini yozgan qadimiy Humo qushi baxt va erksevarlikni namoyon etgan. Bayrog‘imizni ifoda etuvchi chambar lenta gerbning pastki qismida “O‘zbekiston” degan yozuvga hamohang yana milliy g‘ururimizni orttiradi.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda gerbning qanday ko‘rinishga egaligi, hatto ranglarigacha yaqqol ifodalab berilgan. Unga muvofiq, mamlakatimiz fuqarolari, O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha shaxslar davlatimiz gerbini hurmat qilishi shart.

Davlat gerbi tasviri mamlakatimizdagi barcha davlat tashkilotlari binolari peshtoqiga o‘rnatilgan. Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olgan. Bu esa gerbning Vatanimiz sha’ni, xalqimiz g‘ururini yorqin aks ettirishining huquqiy kafolati, xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etgan tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.

Zero, inson manfaatlari har narsadan ustun bo‘lgan yurt fuqarolarida ham huquqiy madaniyat, ham yuksak ma’naviy qadriyat bo‘lishi shartdir. Ana shu ikki jihat aholi, ayniqsa, yoshlarimizning vatanparvarligini hamda qonunlarga itoatgo‘yligini ta’minlaydi. Davlat ramzlari hamisha muqaddas sanalgan. Shu bois ularni mard va jasur kishilarga ishonishgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, gerbimiz xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning muqaddas timsolidir.

O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA
yozib oldi

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email