Uzbekistan_National_News_Agency

Teatr va zamon

Mamlakatimizda milliy teatr san’atining yanada ravnaq topishi, o‘ziga xos an’analarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat poytaxtimiz, balki barcha hududlarda yangi san’at maskanlari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda, mavjudlari zamon talabi darajasida tubdan ta’mirlanib, moddiy texnik-bazasi mustahkamlanmoqda, teatr ijodkorlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida yurtimiz teatrlarining 2008 yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan brifingda shu haqda gap bordi. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari B.Sayfullayev, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori O.Rizayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, uning mustaqil fikrli, barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishi jarayonida milliy san’atimiz, jumladan, teatr rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.

Sohadagi yangi ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, san’atga umrini baxshida etgan kishilarning zahmatli mehnatini e’zozlash, teatr uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida ahamiyat qaratilayotir. Bularning bari ijodkorlarni istiqlolimiz ne’matlarini, xalqimizning buyuk bunyodkorlik salohiyatini, ibratli milliy qadriyatlarimizni tarannum etuvchi, hayotbaxsh g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan, yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi sahna asarlari yaratishga ilhomlantirmoqda.

Teatrlarimiz jamoalari o‘zlarining eng sara spektakllari bilan xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro tanlovlar, festivallar, ijodiy anjumanlarda muvaffaqiyatli qatnashayotgani milliy teatr sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni jahonda keng targ‘ib va tashviq etish imkonini bermoqda. O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatri, Respublika Yosh tomoshabinlar teatri, Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri, Mannon Uyg‘ur nomidagi Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrining Yaponiya, Rossiya, Misr, Turkiya kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli san’at festivallaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki buning dalilidir.

“Yoshlar yili” Davlat dasturida belgilangan yoshlarni hayotga qat’iy e’tiqod va qarashlar ruhida tarbiyalash, zararli mafkuraviy xurujlardan asrab-avaylash borasidagi vazifalar ijrosini ta’minlash, yigit-qizlarda sog‘lom tafakkurni shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi bilan hamkorlikda qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Tadbirda “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasining 2009 yildagi rejalari haqida jurnalistlarga atroflicha ma’lumot berildi.

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email