Uzbekistan_National_News_Agency

Elektron hujjat aylanishi kengaymoqda

O‘zA – 24.12.2008 – O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazida elektron raqamli imzodan foydalanishni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2003-2004 yillarda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator qonun hujjatlari qabul qilinganligi ta’kidlandi. “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun shular jumlasidandir. Ushbu qonunga muvofiq, elektron raqamli imzo qo‘lda qo‘yilgan imzoga tenglashtirilgan va u bilan bir xil huquqiy kuchga ega. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonun elektron raqamli imzoning majburiy rekvizitlaridan biri bo‘lgan elektron hujjatning huquqiy kuchini belgilaydi. “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun esa elektron tijoratni huquqiy tartibga soladi.
Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi mutaxassislari mamlakatimizda elektron raqamli imzo vositalarini rivojlantirish uchun zarur davlat standartlari ishlab chiqilgani hamda joriy qilinganini ma’lum qildi. Jumladan, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazi uchun mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiqildi. Ushbu mahsulotdan mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishni istagan subyektlar ham foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, elektron raqamli imzoni davlat standartlariga muvofiq shakllantirish hamda tekshirish maqsadida milliy kriptoprovayder uchun ham alohida dasturiy ta’minot tayyorlandi. Milliy kriptoprovayder har qanday axborot tizimida elektron raqamli imzoni qo‘llash uchun joriy qilinishi mumkin. Tadbirda Elektron raqamli imzoni ro‘yxatga olish markazlarining maqomi va vakolatlari, ularning yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ayni paytgacha O‘zbekistonda elektron raqamli imzodan faqat bank sohasida elektron to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanilayotgan edi. Hozirgi kunda u e-xat, e-hujjat, Himfail birjalararo savdo tizimiga ham joriy etildi.
Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi direktori M.Mahmudovning aytishicha, respublikamizda elektron raqamli imzoni samarali qo‘llash bo‘yicha huquqiy asos yaratilgan, milliy infratuzilma shakllantirilib, barcha zarur vositalar ishlab chiqilgan. Elektron raqamli imzoni kelgusida barcha joylarda qo‘llash uchun ushbu sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, Elektron raqamli imzoni ro‘yxatga olish milliy markazlari faoliyatini kengaytirish, ularni xalqaro talablarga muvofiq tarzda texnik jihozlash, respublikamizda elektron hujjat aylanishi infratuzilmasini rivojlantirish, elektron raqamli imzoni transchegaraviy qo‘llash uchun sharoit yaratish zarur.
Tadbirda barcha joylarda elektron hujjat aylanishi xizmatidan foydalanuvchilarni o‘qitish, aholining elektron raqamli imzoga bo‘lgan ishonchini oshirish, elektron hujjat aylanishi tizimida axborot xavfsizligini mustahkamlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email