Uzbekistan_National_News_Agency

Yuksak fazilatlar sohibi

O‘zA –  12.02.2009 – Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish borasida ulkan ishlar qilinmoqda. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, ijodi va faoliyatini chuqur tadqiq etish, asarlarini xalqimizga asl holicha yetkazish va kelajak avlodlarga yetishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Zahiriddin Muhammad Boburning betakror va nafis she’riyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi “Boburnoma” va boshqa asarlarida o‘z ifodasini topgan ezgu g‘oyalar insoniyatni asrlar osha komillikka va o‘zaro hamjihatlikka chorlab kelmoqda.
“Boburnoma” muhim qomusiy manba sifatida nafaqat mamlakatimiz, balki jahon adabiyotining ham nodir namunalaridandir.
Asar buyuk allomaning shuhrati, shaxsi, yuksak insoniy fazilatlari xususida ma’lumot berishi bilan ham ahamiyatlidir. Asarni ko‘chirgan noma’lum kotibning asar muallifiga bergan xolisona bahosi e’tiborga molik. Unda “va maholdurkim, ul podshohi qobilning yaxshilig‘larini aytgan bilan va bitgan bilan tugangay. Lekin, mujammal bukim, sekkiz sifati asil aning zotig‘a mutassil edi: birisi bukim, najhati baland edi; ikkimchisi, himmati arjumand edi; uchumchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi viloyat saxlamog‘; beshumchisi, ma’murlug‘; oltimchisi, rafohiyat niyati Tengri taolo bandalarig‘a; yettimchisi, cherikni ko‘ngli(ni) qo‘lg‘a olmoq; sekkizimchisi, adolat qilmoq” deb zikr etilgan.
Boburga berilgan bu qisqa, ammo mazmunan keng bahodan to‘rttasi insonga mehr ko‘rsatish, halol va sadoqat bilan yashashga qaratilgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Shaxsning ruhiyati va xarakteridagi xususiyatlar irsiyat orqali ko‘proq namoyon bo‘lishi fanda isbotlangan. Boburdagi muruvvat va saxovatmandlik xislati otasi Umar Shayx Mirzodan yuqqan. Boburning nazarida Umar Shayx buyuk sarkarda, davlat arbobi bo‘lmasa ham, pok siyratli, birovning haqqiga xiyonat etmaydigan, saxovatpesha shaxs bo‘lgan: “Adolati bu martabada ediki, Xitoy karvoni keladurganda Andijonning sharqiy tarafidag‘i tog‘larning tubida ming o‘yluq karvonni, andog‘ qor bostikim, ikki kishi qutuldi. Xabar topib, muhassislar yiborib, karvonning jam’i jihotini zabt qildi. Har chandikim vorisi hozir yo‘q erdi, bovujudi ehtiyot saxlab, bir yil, ikki yildin so‘ngra Samarqand va Xurosondin vorislarini tilab kelturub, mollarini solim topshurdi”.
Boburda ham halollik, birovning moliga xiyonat qilmaslik odat bo‘lgan. U Afg‘onistonda hukmronlik qilgan paytida Istalif degan joyda sayr qilib yurib, bir boqqa ko‘zi tushadi va bu bog‘ tarixini surishtirganida bir vaqtlar amakisi Ulug‘bek Mirzoga tegishli bog‘ligi ma’lum bo‘ladi. Bobur hukmdor sifatida bemalol temuriylarga taalluqli bo‘lgan bu maskanni tortib olishi ham mumkin edi. Biroq u boqqa qiymatidan ancha yuqori haq berib, egasini rozi qilib, keyin o‘z mulkiga aylantiradi.
Bir safar Bobur o‘zining safdoshlari bilan Hirotdan Kobulga qarab yo‘lga chiqadi. Qish payti tugul, yozda ham o‘tish mushkul Hindikush dovonida qorning qalinligidan otda yurish qiyin kechadi. Sovuqning zarbi ham juda qattiq. Ana shunday sharoitda u o‘zining oddiy askarlari, beklari bilan bu mashaqqatni baham ko‘radi – o‘zi qor kuraydi, sovuqning shiddatiga qaramasdan safdoshlari qatori ular bilan birga ayozda tong ottiradi.
U sarkarda sifatida ham, inson sifatida ham sharoitni odilona baholaydi. Avvalambor, bunday qiyin vaziyatda odamlarga dalda berish, mehr-shafqat ko‘rsatishni birinchi navbatdagi burchi, deb biladi. Bobur bunday yozadi: “Ushbu dastur bila biz o‘n-o‘n besh-yigirma kishining otlari – o‘q ilgari tortildi, o‘zga tamom o‘bdon-o‘bdon yigitlar va bek otong‘onlar otlaridan ham tushmay, tayyor tepilgan va bosilg‘on yo‘lg‘a kirib, boshlarin qo‘yi solib kelurlar edi. Mahal ul emas edikim, kishig‘a taklif va zo‘re qililg‘ay, har kimning himmat va jur’ati bo‘lsa, bundoq ishlarni o‘zi tilab qilur”
Zahiriddin Muhammad Boburning odamiyligi insonlarga muruvvat va shafqati shunchalik keng bo‘lganki, bu uning ota sifatida o‘z farzandlari, farzand sifatida ota-onasi, sarkarda sifatida o‘z lashkari, beklari, oddiy fuqarolari, hatto shoh sifatida dushmanlariga ko‘rsatgan muruvvati misolida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bobur raqibi Ibrohim Lo‘diy ustidan zafar quchib, Hindistonni zabt etadi. Shunga qaramay o‘ziga qarshi kurashgan hind rojalari, saroy ahliga shafqat qiladi, mulklarini boshqarishni o‘zlariga qoldiradi.
Bobur Ibrohim Lo‘diyning o‘limidan ruhan qiynaladi, uni yuksak ehtirom bilan dafn etishni buyuradi. Ibrohim Lo‘diyning ota-onasiga mehribonlik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Onasiga o‘z saroyidan joy ajratadi, mablag‘, xizmatkorlar tayinlaydi. Biroq, Boburning bu muruvvatiga qarshi ayol keyinchalik teskari ish ko‘radi. Boburni zaharlashni buyuradi va bu uning jiddiy xastaligiga sabab bo‘ladi.
Davron meni o‘tkardi saru somondin,
Oyirdi meni bir yo‘li xonumondin.
Gah boshima toj, gah baloyi ta’na,
Nelarki boshimg‘a kelmadi, davrondin?!
deganida, ehtimol, mehr ko‘rsatib, mehr topmaganidan afsuslangandir.
Umuman, Zahiriddin Muhammad Boburning kechirimliligi, bag‘rikengligi, insonlarga ko‘rsatgan yordami haqida yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Buyuk bobomiz nafaqat ulug‘ hukmdor, mohir sarkarda, shoir sifatida, balki shafqatli, mehr-muruvvatli inson sifatida ham barcha uchun hamisha ibrat bo‘lib qolaveradi.

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email