Uzbekistan_National_News_Agency

Ham shifo, ham go‘zallik baxsh etadi

O‘zA –  02.03.2009 – Toshkent qadimdan o‘zining mo‘tadil havosi, xushmanzara tabiati bilan mashhur bo‘lgan. Shahar sersuv ariq va soylari, bog‘-rog‘lari bilan alohida ajralib turgan.
Ko‘hna Shoshning sersuv soylari, go‘zal tabiati, so‘lim iqlimi ko‘plab tarixiy asarlar, sayohatnomalarda, shoirlar she’rlarida tavsif etilgan. Xususan, Zayniddin Vosifiy “Badoye’ul vaqoye’” (“Nodir voqealar”) asarida Toshkentni alohida mehr bilan tasvirlaydi: “…Suv to‘la hovuzlari safo chashmasidan nusxadir: oynadek toza suvi daraxtlar va qushlar suratlaridan tasvirli sahifaga o‘xshab ketardi… “
Tarixchilarning yozishicha, vohada shaharsozlik madaniyatining shakllanishi, o‘lkaning obodonlashishiga ham dehqonchilik rivoji va sersuv ariqlarning ko‘pligi muhim omil bo‘lgan. Akademik Yahyo G‘ulomovning tashabbusi bilan 1966 yilda tashkil qilingan Toshkent arxeologik guruhining tadqiqotlariga ko‘ra, bundan uch ming yillar ilgari ajdodlarimiz Chirchiq daryosini to‘sib, ketmon bilan ariq qazib Toshkentga suv olib kelgan. Toshkent atrofidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar nomi Beruniy asarlarida, Firdavsiyning “Shohnoma“si va boshqa tarixiy manbalarda ko‘p bor qayd etilgan.
Tyanshan tog‘larining quyi qismidan oqib keluvchi Chirchiq daryosining o‘ng sohilidagi Bo‘zsuv kanali Toshkentni suv bilan ta’minlaydi. Bo‘zsuvning asosiy irmoqlari bo‘lgan Anhor, Qorasuv, Kaykovus, Salor, Bo‘rijar kabi kanallar butun shahar bo‘ylab suvni taqsimlagan. Zaxariq, Chovli, Jo‘nariq, Darxon kabi qadimiy ariqlar mahallalar o‘rtasidan o‘tib aholini suv bilan ta’minlagan.
– Ma’lumotlarga qaraganda Bo‘zsuv suvi saksonga yaqin ariqlar orqali mahallalarga tarqalgan, – deydi tarix fanlari nomzodi Xayriya Bo‘riyeva. – Mazmun jihatidan ularning nomlari turlichadir. Xususan, Jar, Tolariq nomlari hududning tabiati bilan bog‘liq bo‘lsa, Shayxontohur, Yusuf Alixo‘ja kabi ariqlar shu yerda yashab o‘tgan shaxslar nomini olgan. Masalan, “Shayxontohur” gidronimining paydo bo‘lishi XIV asrda yashagan Shayx Xovandi Tohur ismi bilan bog‘liq. Shaharning aksariyat ariqlari oqib o‘tgan joy va mahallalar nomi bilan atalgan. Beshyog‘och, Chorsu, Registon, Darxon, Oqqo‘rg‘on, Oqtepa, Chuvalachi, Rakat kabi ariqlar shular jumlasidandir.
Qadimshunoslarning ma’lumot berishicha, mazkur ariqlardan oqadigan suv tabiiy sofligi, tiniqligi hamda xushta’mligi bilan alohida ajralib turgan. Xususan, Zayniddin Vosifiyning yuqorida eslatilgan asarida bunday misralar keltiriladi:

Top-toza ziloldek Parak daryosi,
Salsabil nahriga monand qiyosi…

Toshkent mahallalarining deyarli barchasida oqar suvli hovuz bo‘lgani ham shaharning sersuvligidan darak beradi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, shaharda besh yuzdan ko‘proq hovuz bo‘lgan. Hozirgacha saqlanib qolgan Katta hovuz, Hovuzbog‘, Langar hovuz kabi atamalar ham buning dalilidir. Hovuzlar suv ta’minotini yaxshilash bilan birga, jazirama yoz pallasida shahar havosini mo‘tadillashtirishga, o‘ziga xos mikroiqlim yaratishga xizmat qilgan.
Toshkent ariqlaridan oqayotgan zilol suvdan tashqari o‘tgan asrning elliginchi yillarida shaharda yana bir ne’mat kashf etildi. Toshkent shahri va uning atrofida shifobaxsh ma’danli suv buloqlari ochildi. Toshkent ma’danli suvi o‘zining chanqovbosdi xususiyati hamda ko‘plab kasalliklarga shifoligi bilan alohida ahamiyatga ega. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qariyb 3000 metr chuqurlikdan chiqadigan ushbu suv tarkibida inson salomatligi uchun zarur xlorli natriy, magniy va kalsiy kabi ko‘plab elementlar mavjud. “Chinobod”, “Turon”, “Botanika”, “Chotqol” kabi shifo maskanlarida bu suvdan keng foydalanilmoqda.
– Toshkent ma’danli suvining shifobaxshligi haroratining yuqoriligi va tarkibi kremniy kislotaga boyligida, – deydi “Chinobod” sanatoriysi boshqaruvi raisining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ravshan Ergashev. – Davolash uchun foydalaniladigan ushbu ma’danli suv insonning ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi, oshqozon-ichak kasalliklariga ijobiy ta’sir qiladi va organizmdagi bio-kimyoviy jarayonlar, suv-tuz almashinuvini faollashtiradi. Suvning turli haroratda bo‘lishi o‘ziga xos tarzda yurak faoliyatini yaxshilaydi, asab tolalari qo‘zg‘aluvchanligi, suyak to‘qimasining o‘sishi va hujayralarning infeksiyalarga chidamliligini kuchaytiradi.
Shahar ahlida suvga bo‘lgan e’tibor qadimdan shakllangan. Zero, xalqimizda azaldan suv muqaddas sanalib, unga tuflash, axlat tashlash katta gunoh hisoblanadi. Shu bois ham shahar ariqlaridagi suv ekologik toza va uni yilning har qanday faslida ichish mutlaqo xavfsiz bo‘lgan. Sho‘ro zamonida ariqlarga e’tibor susaydi, ulardan oqayotgan suv o‘zining ekologik sofligini yo‘qota boshladi. Ko‘plab ariqlar yo‘qoldi. Ayniqsa, o‘tgan asrning 60-70 yillarida shahardagi bog‘-rog‘lar bilan burkangan ko‘plab maskanlarni buzib, beton va asfalt qoplangan maydonlarga aylantirish avj oldi. Yangi yo‘llar qurishda suv yo‘li hisobga olinmaganligi sababli qor va yomg‘irli kunlarda shahar ko‘chalari suv bilan to‘lib qolganini nuroniylarimiz yaxshi eslaydilar.
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari samarasi o‘laroq, Toshkentning ekologik sog‘lom muhiti qayta tiklandi. Suv yo‘llari ta’mirlandi, yangi qurilayotgan har bir yo‘l chetida maxsus ariqlar barpo etilib, shahar haroratini sun’iy ravishda oshiradigan beton va asfalt maydonlar o‘rnida yam-yashil, so‘lim xiyobonlar barpo etildi. Shaharda tabiiy va mikroiqlim yaratildi.
Shahar havosining mo‘tadilligini ta’minlashda favvoralarning ahamiyati beqiyos. Chunonchi, bugun Toshkent shahri ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan yuzga yaqin katta-kichik favvora shu aziz ne’mat – suv serobligining natijasidir. Prezidentimiz rahnamoligida shaharni obodonlashtirish va ekologik holatini yaxshilash jarayonida murakkab muhandislik ishi asosida ko‘plab yangi favvoralar qurildi, ularning shakl-shamoyili ham sharqona uslubda, milliy an’analarimizga xos tarzda yangilandi. Bugun turli rangdagi favvoralar shahar ahli hamda poytaxtimiz mehmonlari dilini yayratib, ko‘zini quvontiradi.
…Yangilanish fasli kirib kelgan shu kunlarda azim poytaxtimiz yanada o‘zgacha ko‘rku tarovat kasb etmoqda. Keng, ravon va ozoda yo‘llar, salqin va so‘lim go‘shalar hamisha odamlar bilan gavjum. Turli dov-daraxtlar, yam-yashil xiyobonlar har qanday kishining bahri dilini ochadi. Katta to‘yga qadar azim poytaxtimiz husni jamoli yanada ko‘rkamlashib borishiga hech qanday shubha yo‘q.

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email