XCPlbvYmfXtUK0WffF6AA0GFDFeVlGP4 Front

Ustoz Komiljon Otaniyozov ibrati

Milliy musiqa san’atimiz O‘zbekiston xalq artisti, xonanda Komiljon Otaniyozov ijodi, uning betakror qo‘shiqlari bilan chambarchas bog‘liq. Ayni paytda uning qo‘shiqlarisiz san’atimizni tasavvur etish qiyin.

Manbalarga ko‘ra, Komiljon Otaniyozov 1917 yil 20 iyul kuni Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Bo‘yrachi qishlog‘ida tavallud topgan.  

Betakror va kuchli ovoz sohibi bo‘lgan ustoz san’atkor ijodini boshqa hech qaysi xonandaga o‘xshatishning ham, taqqoslashning ham iloji yo‘q.

Mutaxassislarning fikricha, ustoz san’atkor doston yo‘llarini Bola baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yo‘llarini Matpano Xudoyberganovdan o‘rgangan.

Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tugatgach,  konservatoriyada ta’lim olgan.  Xorazm teatrlarida xonanda va aktyor sifatida ishlab, ko‘plab spektakllarda  Farhod, Tohir, Parfi hofiz, Qodir, Davron ota kabi obrazlar yaratgan.

San’atshunoslarga ko‘ra, Komiljon Otaniyozov 30-yillardan murakkab xalq ashulalarini, dostonlardan qo‘shiqlar ayta boshlagan. Xorazm suvora va maqomlari Komiljon Otaniyozov ijrochilik faoliyatining yuqori bosqichi bo‘ldi.

Komiljon Otaniyozov Xorazm doston qo‘shiq(noma)lari asosida yangicha uslub yaratgan. Bastakor sifatida bu uslubda ijod qilgan «Salom, senga Xorazmdan», «Muborak», «Vatan», «Olqish», «Temir yo‘l», «O‘zbekiston», «Xorazm» kabi qo‘shiqlari o‘zining ommabopligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi.

Ustoz san’atkorning ijodi, u yaratgan  ijodiy maktab hamon xonandalar, musiqashunoslar tomonidan puxta o‘rganilishi dolzarbdir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ustoz san’atkor , “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Komiljon Otaniyozov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. Anjumanlar, konsertlar, yirik madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Bugun ham ustoz san’atkorning ijodi, o‘z xalqiga, milliy san’atimizga fidoyiligi, sadoqati, odamgarchiligi va  umuman, insoniy fazilatlari yosh ijrochilar uchun ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi. Ayni paytda uning ijod yo‘li musiqashunoslar uchun yangi-yangi tadqiqotlarga asos bo‘lishi tayin.

Nazokat Usmonova, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email