NBuGGS9wZxCZe7PMwV245sHxa5Zt6KHN Front

O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari xorijiy ekspertlar nigohida

AQSHning Minnesota okrugi bo‘yicha sobiq bosh federal sudyasi Jon Tanxaym O‘zbekistonda keyingi besh yil davomida sud jarayonida tomonlarning tengligi, sud jarayonlarining jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilganini e’tirof etdi. O‘zbekiston bu borada Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rin tutmoqda.

Sloveniya sobiq adliya vaziri Goran Klimenchich O‘zbekistonda sud tizimi, shu jumladan, sud qarorlarini e’lon qilish amaliyoti ijobiy natija berishiga ishonch bildirdi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasiga batafsil to‘xtalib, jumladan, bu borada sud jarayoni ishtirokchilarining shaxsga doir ma’lumotlarning ishonchli himoya qilinishi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.  

“McDermott Will & Emery” xalqaro yuridik firmasining (AQSH) hamkori  Robert Kordi O‘zbekistonda advokatura institutini rivojlantirish  demokratik islohotlarning natijadorligiga ijobiy ta’siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu sohada erishilgan yutuqlarni yuqori baholadi.

Bu fikrlar “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro onlayn konferensiyada qayd etildi.

Adliya vazirligi tomonidan Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Oliy sud, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, ichki va tashqi ishlar vazirliklari, Advokatlar palatasi vakillari, shuningdek BMT Taraqqiyot dasturi, AQSH Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ekspertlari hamda boshqa mustaqil xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar, xususan, korrupsiyaning oldini olish borasidagi sa’y-harakatlar, prokuratura organlarining qonun ustuvorligini ta’minlashdagi roli, advokatura sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq mavzular muhokama qilindi.

Sud tizimi mustaqilligini ta’minlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini real himoya qilishga qaratilgan islohotlar, davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish bilan bog‘liq o‘zgarishlar xorijiy mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.

N.Abduraimova, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email