NtUrrdJSYXompJwDzUub8TFQXv26tQ8J Front

AQSHdan munosabat: Oksana Chusovitina davomli muvaffaqiyati uchun ham sportda afsonadir

AQSHning «The New York Times», «New York Post», «NBC New York», «USA Today», «The Los Angeles Daily News» singari yetakchi ommaviy axborot vositalarida Oksana Chusovitinaning Tokioda o‘tayotgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi so‘nggi ishtiroki haqida qator maqolalar e’lon qilindi.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, barcha nashrlar Oksana Chusovitinaning Olimpiya o‘yinlaridagi rekord natijaga, sakkizinchi ishtirokiga e’tibor qaratgan. U 11 jahon chempionatida 17 ta medalni qo‘lga kiritgan, jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida Oksana tomonidan birinchi marta bajarilgan mashqlar o‘zbekistonlik sportchi sharafiga qo‘yilgan.

Xususan, «The New York Times» gazetasida «46 yoshli Oksana Chusovitina so‘nggi Olimpiadadan bir olam quvonch oldi» sarlavhali maqola nashr etildi. Unda «Chusovitina qariyb o‘ttiz yil davomida o‘z sport turida yuqori natijalarni qayd etdi», deya ta’kidlanadi.

Muallif sportchimizning uzoq yillik jismoniy holatiga qoyil qolgan holda uni sakkizinchi Olimpiadani «Yoshlarga yo‘naltirilgan sportdagi ta’sirchan seriya», deya e’tirof etadi va «u uzoq umr ko‘rish va mukammallikni oshirish imkoniyatlarini namoyish etdi», deb qo‘shib qo‘ydi. Maqolada Oksana Chusovitinaning shaxsiy va kasb faoliyati bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar o‘quvchilarning e’tiboriga havola etilgan.

«Gimnastika maydonidagi hissiyotli lahzalar Chusovitina o‘z dasturini yakunlaganidan keyin sodir bo‘ldi, – deb yozadi nashr. – Albatta, sport arenasida muxlislar juda kam edi. Ammo shunday bo‘lsa-da, zaldagi boshqa sportchilar va musobaqada qatnashish uchun kelgan gimnastika olami vakillari tomonidan unga yuksak hurmat ko‘rsatildi. Ular gimnastika qirolichasi bilan birga selfiga tushish uchun navbatda turdi».

«New York Post» gazetasida «Oksana Chusovitinaning afsonaviy Olimpiya karerasi 46 yoshda tugadi» sarlavhali maqola chop etildi. Maqolada Oksananing sportdagi faoliyati «Yorqin Olimpiya karerasi» deya e’tirof etildi. U Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston, Germaniya va sobiq ittifoq birlashgan jamoalari tarkibida ishtirok etgan.

«NBC New York» nashri ushbu mavzuda e’lon qilgan materialda «Bo‘sh arenada turib olqish oladigan gimnastikachilar sanoqli. Sakkiz karra Olimpiada ishtirokchisi Oksana Chusovitinaga sport gimnastikasi bo‘yicha saralash musobaqasining to‘rtinchi bo‘limidagi sakrashidan keyin sportchilar va hakamlar tomonidan yuksak ehtirom ko‘rsatildi», deya qayd etilgan.

«1975 yilda tug‘ilgan faxriy gimnastikachi Tokio Olimpiadasida ishtirok etayotgan ko‘plab gimnastikachilar tug‘ilishidan oldin o‘z faoliyatini boshlagan. Oksana nafaqat uzoq umr ko‘rish uchun, balki davomli muvaffaqiyati uchun ham sportda afsonadir», deb yozadi «NBC New York».

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasidan xabar berishlaricha, ko‘plab amerikalik sportchilar O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi vakili sharafiga bildirilgan eng iliq so‘z va tilaklarni millionlab obunachilarga ega ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ham joylashtirmoqda

Masalan, AQSH vakili, uch karra Olimpiada chempioni Aleksandr Raysman «Twitter»dagi sahifasida Oksana Chusovitina 1992 yildagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida, Aleksandra Raysman tug‘ilishidan ikki yil oldin sakrashni amalga oshirgan videoni e’lon qildi va Oksana Chusovitinani «abadiy afsonaviy sportchi», deya ta’rifladi.

Abdulaziz Rustamov, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email