HWqoy8tjx231wFHLzU6mtWtIKM5Cffwx Front

So‘nggi besh yil yangi imkoniyatlar tuhfa etdi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” nomli intervyusini butun xalqimiz kabi ijodkor ziyolilar ham katta qiziqish bilan o‘qidi.

Aytish mumkinki, mazkur intervyudan har bir kishi o‘ziga kerakli xulosani chiqarib oldi.

Men bu intervyuda samimiyat, kamtarlik va o‘z xalqiga yaxshilik istayotgan davlat rahbarining yana asl qiyofasini– shu  xalqning fidoyi, jonkuyar  bir o‘g‘lonini ko‘rdim, tasavvur qildim.

Ma’lumki, barchamiz mamlakatimiz tarixidagi so‘nggi besh yillikda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilganligining guvohi bo‘ldik.

Xususan, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turishdagi ayrim to‘siqlarning olib tashlanganligi barcha sohalar singari madaniyat va san’at sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar, ayniqsa, san’atkorlar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratdi. Jumladan, bu Madaniyat vazirligiga qilingan yuzlab murojaatlar, muammolarga ham yechim bo‘la oldi.

Bundan tashqari, uzoq masofadan poytaxtga qatnab, o‘qish, ishlash ham san’at va madaniyat ahli uchun juda katta mashaqqat edi. Sohada mehnat qilayotgan xodimlar uchun 17 ta xizmat uyi, 40 nafariga imtiyozli shartlar asosida shaxsiy xonadon berilishi, 300 nafardan ortiq xodimning Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga olinishi bu boradagi muammolarni ham bartaraf etishga zamin yaratdi.

Qolaversa, 15 aprel sanasining mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni” deb belgilangani ham soha xodimlarining qadri hamda maqomini yuksaltirishdagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

   Darvoqe, bugungi ustuvor siyosat, islohotlar xalqimiz uchun yot bo‘lgan qandaydir dastur emas, balki asriy orzulari, yuz yillar mobaynida amalga oshirilmay kelinayotgan va bu yo‘lda qanchadan-qancha qurbonlar berilgan yo‘ldir.

Yurtboshimiz o‘z intervyusida shu xususida to‘xtalib, kelajakni isloh qilish mexanizmida tarixiy xulosalarga tayanish lozimligini alohida  ta’kidlagan.

   Shu  bilan birga intervyuda keltirib o‘tilgan maqom, baxshichilik san’ati kabi qadimiy san’at turlarini asrab qolish va uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish haqidagi barcha fikrlar bu borada to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizni ko‘rsatadi.

Bugun nafaqat O‘zbekistonda tadbiq qilishga muhtoj, balki butun dunyoda tanazzulga yuz tutib borayotgan maqom san’atini rivojlantirish borasida Prezidentimiz tashabbusi bilan “Xalqaro maqom san’ati anjumani”ning o‘tkazilishi ham milliy san’atimizning eng katta yutug‘i bo‘ldi.

   Davlatimiz rahbari mazkur intervyusi orqali olib borilayotgan islohotlarda har bir tizim rahbarining vazifasi, pozitsiyasi qayerda ekanligini aniq ko‘rsatib berdi. Shuningdek, kelajak uchun olib borilayotgan siyosat va tashabbuslar zamirida xalq manfaati, farovonligi, ijtimoiy-siyosiy himoyasi, xotin-qizlar, yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlar mujassamligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur intervyuda Prezidentimizning yagona maqsadi Yangi O‘zbekistonni tinch va farovon yurt,imkoniyatlar mamlakatiga aylantirish ekanligi ochiq bayon etilgan.

Ozodbek Nazarbekov,

O‘zbekiston Respublikasi  

madaniyat vaziri

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email