Djo6kAwszPbD6nIA1ck01aSvDobmnruC Front

23 avgust – O`zbekiston tarixi bilan bog‘liq ayrim voqealar

1603 yil – hijriy 1012 yil rabbiul avval oyining o‘n beshinchi kuni Urganchda shayboniylar sulolasiga mansub bo‘lgan Xiva xoni va yirik tarixchi olim Abulg‘ozi Bahodirxon tavallud topdi.

Uning «Shajarayi tarokima» va «Shajarayi turk» asarlari O‘zbekiston, umuman O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi. Abulg‘ozi Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid «Manofi’ul inson» («Insonga foydali narsalar») nomli asar ham yozgan.  

 1907 yil – dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining qurultoyida turkistonliklar guruhini boshqardi va katta nutq so‘zladi.  

 1920 yil – Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjo‘y yaqinidagi Saqor bozorni ishg‘ol qilishi bilan tarixda «yalpi qo‘zg‘olon» deb atalgan Buxoro amirligiga qarshi harakat boshlandi. Beshim Sardor va Chorjo‘y kommunistlari darhol Eski Chorjo‘yni ishg‘ol qildilar, yuzdan ortiq amaldorlar qamoqqa olindi. Chorjo‘y bekligi xazinasi qo‘lga kiritilib, bu boyliklar darhol Chorjo‘y revkomi va yangi hukumat qo‘liga o‘tdi. Ilgaridan kelishuvga ko‘ra shu kuni Chorjo‘y revkomi «Butun Buxoro xalqi nomidan» Frunze boshchiligidagi Turkiston frontiga yordam so‘rab murojaat qildi, vaholanki Buxoro xalqi bundan bexabar edi.  

 1994 yil – Moskvada O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Moldova Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish haqida Protokol imzolandi.  

 2002 yil – Prezident farmoniga asosan, O‘zbekiston fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, butun hayotini Vatan, xalq va millat taraqqiyotiga baxshida etgan betakror iste’dodli vatandoshlarimizning xotirasini yod etib hamda ular qoldirgan katta ilmiy-ijodiy merosni inobatga olib, bir qator marhum olim va san’atkorlar: akademiklar Habib Abdullayev, Sodiq Azimov, Ubay Oripov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov, Obid Sodiqov, Sobir Yunusov, Toshmuhammad Qori Niyoziy, Yahyo G‘ulomov; O‘zbekiston san’at arboblari To‘xtasin Jalilov, Igor Saviskiy; O‘zbekiston fan arbobi Hamid Sulaymonov; O‘zbekiston xalq artisti Olim Xo‘jayevlar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.  

 2004 yil – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan marhum fan, adabiyot va san’at arboblarini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, O‘zbekiston xalq artistlari Hojixon Boltayev, Muhammadjon Mirzayev, Nabi Rahimov, Oyimxon Shomurotova, Sora Eshonto‘rayeva; shoir Hamid Olimjon; akademik Vsevolod Ivanovich Romanovskiylar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.  

 2019 yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.  

 Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email