Djo6kAwszPbD6nIA1ck01aSvDobmnruC Front

O‘zbekiston hududi orqali 2 mingga yaqin chet el fuqarosi evakuatsiya qilingan

Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan keyingi voqealar fonida ayrim xorijiy davlatlar o‘z fuqarolarini O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilayotganidan xabaringiz bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta shu masalada Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Federal Kansler Angela Merkel bilan telefon orqali muloqot qilgan edi.

Bu suhbatlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar hamda mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari muhokama qilindi. Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi.

Hozirgi kunda Afg‘onistondan Germaniya fuqarolari, nemis tuzilmalarida ishlagan mahalliy xodimlar va yordamga muhtoj afg‘onlar O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinmoqda. Buning uchun Germaniya tomoni O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.

Umuman, O‘zbekiston Respublikasi qo‘shni Afg‘onistonda hukm surayotgan murakkab vaziyat tufayli chet ellik hamkorlarning murojaatlariga javoban, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga sodiqlik ruhida qator davlatlar bilan ularning fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish masalasi bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston hududi orqali 2 mingga yaqin chet el fuqarosi evakuatsiya qilingan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi brifingda ma’lum qildi.

U, shuningdek, jurnalistlarni yana bir bor Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq materiallarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslikka, Tashqi ishlar vazirligi bayonotlariga asoslanishga chaqirdi.

O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email