DjgBIu99QP1J3jwQ7nYOy6V4nMjt3y2F Front

AQSHning Amerika universiteti professori Farg‘onada tadqiqot olib boradi

So‘nggi yillarda AQSHning Teaching Fellow, Fulbright, UniCEN, Janubiy Koreyaning KOICA, Germaniyaning DAAD loyihalarida faol ishtirok etib kelayotgan Farg‘ona davlat universitetining xalqaro hamkorlik ufqlari yanada kengaymoqda.

Oliygohga xorijlik tadqiqotchi va olimlar tashrifining ortayotgani ham buning isbotidir. Markaziy Osiyo universitetlari hamkorlik dasturi – UniCEN eksperti, Amerika universitetining ekologiya fanlari professori Maykl Brodi Farg‘ona davlat universitetida bo‘ldi

Oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadov professor Maykl Brodi bilan uchrashib, Farg‘ona davlat universiteti xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikda samarali tadqiqotlar olib borishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Suhbat davomida xorijlik olim bir yarim yildan buyon Farg‘ona davlat universiteti bilan ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygani, ko‘plab onlayn muloqot va seminarlarni amalga oshirganini ta’kidladi. Endilikda Farg‘ona davlat universiteti olimlari, xususan, tabiiy fanlar fakulteti bilan hamkorlikda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlari haqida tadqiqotni olib borish maqsadida ekanligini aytdi.

Uchrashuvda professor M. Brodining taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi, unga bu jarayonda oliygohning yetuk salohiyatli, chet tillarini puxta o‘zlashtirgan olimlari ko‘mak berishi ta’kidlandi.

AQSHning Amerika universiteti professori Farg‘onada tadqiqot olib boradi

Shundan so‘ng xorijlik professor universitetning tabiiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan muloqot qildi. Joriy yilning 3-11 oktyabr kunlari oliygohda, shuningdek, viloyatning turli hududlarida olib boriladigan tadqiqot ishlari xususida suhbatlashildi. Mazkur tadqiqotda Farg‘ona viloyati tabiatining o‘ziga xos jihatlari, suv resurslari keng tadqiq qilinib, tegishli natijalar olinishi ko‘zda tutilgan.

Xalqaro olimning fakultet talabalari, magistrant va doktorantlari bilan seminar mashg‘uloti ham qizg‘in o‘tdi. Seminar so‘ngida universitet olimlari va talabalar professor Maykl Brodi boshchiligida dunyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn konferensiya tashkil etishga kelishib oldilar.

M. Sulaymonov, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email