MWo5JAoh7st7go6PAFrh52CIbY205qNq Front

O‘zbekistonda avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari xabar berishicha, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida savdo hajmi 2019 yil oktyabr oyiga nisbatan 31,1 foizga o‘sdi.

Joriy yilning oktyabr oyida respublikada avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlari soni sezilarli darajada oshdi. Joriy yilning sentyabr oyiga nisbatan o‘sish 32,6 foizni tashkil etdi. Mahalliy avtomobil bozorida talab miqdori 2020 yil oktyabr oyi bilan taqqoslaganda 10 foizga oshdi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yilning avgust oyi o‘rtalarida koronavirus pandemiyasi tufayli o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng, avgust oyida avtomobillarga bo‘lgan talab iyul oyiga nisbatan 54,3 foizga oshgan edi. Kechiktirilgan talabni qondirish yil oxiriga qadar davom etdi.

Shu tariqa mahalliy avtomobil bozori 2020 yilning kuzidayoq inqirozgacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichlariga qaytdi va shu yilning oktyabr oyida sezilarli darajada o‘sishni ko‘rsatdi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida mikrochiplarning global taqchilligi avtomobil sanoatida ishlab chiqarishni rivojlanishini to‘xtatib turibdi. Bunday sharoitda avtomobil bozorining sezilarli o‘sishi asosan ikkilamchi bozorda savdo hajmining o‘sishi bilan izohlanadi. Oktyabr oyida 50,1 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, sentyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 40,3 ming donani tashkil etdi. Birlamchi avtomobil bozorida ham sezilarli jonlanish kuzatilmoqda. Oktyabr oyida 20,6 mingta yangi avtomobil sotildi, bu esa sentyabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 58,5 foizga ko‘proq.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (60,4 foiz), Navoiy (55,9 foiz), Buxoro (53,4 foiz) va Toshkent (50,2 foiz) viloyatlarida kuzatildi. 2021 yilning oktyabr oyida 18,5 ming dona yangi yengil avtomobillar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shundan, 1,4 mingtasi chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar hisoblanadi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi sentyabr oyiga nisbatan biroz kamaygan, avgust oyiga nisbatan esa 38,2 foizga oshgan. Bu davrda chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p Toshkent shahri (5 209 dona), Farg‘ona (1 610 dona), Toshkent (834 dona) va Samarqand (505 dona) viloyatlarida sotilgan. Umuman, yanvar-oktyabr oylarida respublika bo‘yicha 152,2 ming dona yangi yengil avtomobillar, shundan 9,9 ming dona yoki 6,5 foiz chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar ro‘yxatga olindi.

Oktyabr oyida yangi yengil avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri – 5 ming 682 dona, Toshkent viloyati – 1 ming 925 dona va Samarqand viloyati – 1 ming 416 dona bo‘ldi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email