IAzVnNRuIM2PFreEzhjqBSbOMvAItYVx Front

Samarqandlik olimlar Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi talabalariga ma’ruza o‘qidi

Samarqand davlat tibbiyot instituti bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidagi 80 ga yaqin yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamkorlik qilib kelmoqda.

 Jumladan, Qozog‘istondagi Astana tibbiyot universiteti, Milliy tibbiyot universiteti, Karag‘anda davlat tibbiyot universiteti, Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi kabi o‘nga yaqin oliy o‘quv yurtlari bilan ta’lim sohasida o‘zaro yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

 Bu aloqalar asosan, ijtimoiy ahamiyatga ega yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolash bo‘yicha ustuvor texnologiyalarni ishlab chiqish, aholining repoduktiv salomatligini  mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini saqlash sohasiga yangi texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Shuningdek, turli xil shikastlanishlar, xirurgik va o‘sma kasalliklarini aniqlash va davolash, yangi dori vositalari va innovatsion tibbiyot biotexnologiyalarini ishlab chiqish, ichki tibbiyot, nevrologiya, psixiatriya hamda tibbiyotda fundamental fan va tibbiy ta’lim kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

 – Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan akadmemik almashinuv, zamonaviy tibbiy ta’lim yo‘nalishidagi hamkorligimiz ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lmoqda, – deydi Karag‘anda davlat tibbiyot universiteti ta’lim texnologiyalari markazi rahbari Gulshod Kemelova. – Ayniqsa, Erasmus+ loyihasi  asosida stomatologiya, davolash ishi, ilm-fanning funtamental yo‘nalishlaridagi ilmiy aloqalarimiz ko‘lami kengayib bormoqda. Bu borada professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘zaro tajriba almashuvi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zimiz ham tez-tez Samarqandga kelib, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha fikr almashamiz.

 Yaqinda Samarqand davlat tibbiyot institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari va talabalari Qozog‘istonda bo‘lib, u yerdagi oliy ta’lim muassasalari bilan tibbiy ta’limni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashib qaytishdi.

 – bugungi globallashuv davrida hech bir oliy ta’lim muassasasi o‘z qobig‘iga o‘ralib, mustaqil ravishda taraqqiyotga erishishi, ilm-fanning so‘nggi yutuqlari va innovatsiyalaridan bahramand bo‘lishi qiyin, – deydi Samarqand davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri Qahhor Xoliqov. – Bizning institutimiz ham bugun dunyodagi yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, birgalikda ishlayapmiz. Xususan, Qozog‘istondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari ham yaqin hamkorlarimiz hisoblanadi. Ushbu davlatga bu galgi safarimiz davomida Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilari bilan o‘zaro tajriba almashdik. Talabalarga saboq berdik. O‘z navbatida bizning institut talabalari ham akademiya o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarida qatnashdi. Yaqin orada shunday ilmiy safar bilan mazkur akademiya o‘qituvchi va talabalari institutimizga kelishadi.

 Davlatimiz rahbari shu yilning sentyab oyida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida qariyb bir asrlik tarixga ega Samarqand davlat tibbiyot institutiga universitet maqomini berish tashabbusini bildirgan edi.

 G‘.HASANOV, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email