GAb1qRhnPBftEhcpFMS2CWh5bZEw9SfW Front

Bu she’riyat aslo zavol bilmaydi

Bugun – o‘zbek she’riyatining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan nodir iste’dod sohibi, haroratli misralari bilan millionlab qalblarda Vatan suratini chiza olgan betakror ijodkor, millatimizning ardoqli farzandi, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun. Ulug‘ shoir agar hayot bo‘lganida 68 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

Aslida el-yurt nazariga tushish, hurmatiga sazovor bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. Muhammad Yusuf esa adabiyotimizning ana shunday baxtga, ehtiromga erishgan zabardast vakillaridan biri edi. 

Muhammad akaning ijodini yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan she’riyat ixlosmandlari doimo sevib mutolaa qiladi. Dilbar she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar esa hamon davralarda jarang sochadi. Chunki uning satrlari balandparvozlikdan, ortiqcha bo‘yoqlardan xoli, sodda, samimiy, xalqona, shu bilan birga, zalvorli. Boshqacha aytganda, yurakdan chiqqanligi uchun ham yuraklarni zabt etgan. 

Yaqinda sevimli shoirimizning saylanmasi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tomonidan turk tilida chop etildi. U turk tilida so‘zlashuvchi adabiyot muxlislari uchun ajoyib tuhfa bo‘lib, Muhammad Yusuf ijodi bilan yaqinroq tanishishlariga imkon beradi. Va, albatta, shoir she’rlari ularda ham juda katta qiziqish uyg‘otishiga shubha yo‘q. 

…Qisqa umri davomida xalqimizga ulkan ma’naviy meros qoldirgan, yurtni iddaolar qilmay sevgan Muhammad Yusuf yodi hamisha barhayotdir. Zero, O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi, adabiyot fidoyisi, ustoz Said Ahmad o‘z xotiralarida e’tirof etganidek, “Endi shoirning o‘zi yo‘q. Ammo Muhammad Yusuf deb atalmish She’riyat bor. Bu she’riyat aslo zavol bilmaydi”. 


Ozodbek Nazarbekov, 
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email