DBmHsHCtpzpBapgzHsuWR6st0f9XIitZ Front

Xorazmda “Lazgi” ixlosmandlari jam bo‘ldi

Mamlakatimizning boy raqs san’ati tarixida alohida o‘rin egallagan “Lazgi” raqsi o‘ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat O‘zbekistonda balki xorij davlatlarida ham mashhur.

Prezidentimizning 2020 yil 28 sentyabrdagi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish belgilangan.

Xorazm viloyatida joriy yilda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur festivalga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xalqaro festivalga yurtimizning tajribali rejissyorlari, bastakorlar, san’atkorlar, taniqli raqqosalar, ijodkorlar, malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Xorazmda “Lazgi” ixlosmandlari jam bo‘ldi

Urganch xalqaro aeraportida dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan ishtirokchilar tantanali kutib olinmoqda.

– Men Hindistondan keldim, – deydi san’atshunos, professor Chandr Sheykxan. – O‘zbek va hind raqslari o‘zining qadimiyligi, sho‘x va o‘ynoqi harakatlari bilan o‘xshash. Ayniqsa, Xorazm raqsidagi janrlar juda jozibador va serharakatliligi bilan ajralib turadi. Xorazmni esa qadimiy voha, madaniyat, san’at va an’analar markazi deb bilaman. Ushbu o‘lkaga oldin ham kelganman. Oliygohlardagi musiqa va san’at yo‘nalishidagi ta’lim jarayoni bilan tanishganman. Bizni har safar mana shunday izzat-ikrom bilan kutib olishadi. Fursatdan foydalanib xalqaro festival ishiga omad tilayman.

Ishtirokchilar “Lazgi” kuyi va unga monand raqsi bilan kutib olindi. Bu mehmonlarning ko‘hna zaminga ilk qadamidan katta taassurotlar olishiga va kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘ziga oxanrabodek tortadigan yalla qaysi millatdan bo‘lishiga qaramasdan ishtirokchilarni o‘yinga chorladi.

Xorazmda “Lazgi” ixlosmandlari jam bo‘ldi

– Rossiyaning Oltoy o‘lkasidan mazkur nufuzli anjumanga keldik, – deydi Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artist Irina Minayeva. – “Xorazm lazgisi” juda qadimiy raqslardan deb eshitganman. Ushbu raqs ijrosini internet orqali ko‘rdim. Juda jozibali va go‘zal plastikaga ega. Uning tarixi bilan juda qiziqayapman. Festival doirasida “Lazgi” raqsini o‘rganaman va go‘zal Xiva shahrini ham ziyorat qilaman.

26 aprel kuni mazkur xalqaro raqs festivali o‘z ishini boshladi va 30 aprel sanasiga qadar davom etadi.

Tadbirlar doirasida “Ichan-qal’a” majmuasi hududida raqs san’atiga oid ko‘rgazmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalaridan iborat rang-barang ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Shuningdek, kitoblar savdosi, yarmarkasi ham o‘tkaziladi. Festival kunlari “O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazilib, unda qator xorijiy mamlakatlardan raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ishtirok etadi.

Xorazmda “Lazgi” ixlosmandlari jam bo‘ldi

Xiva shahridagi “Farovon” mehmonxonasida “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ta’kidlandiki, festivalda dunyoning 30 ta davlatidan 175 nafardan ziyod raqs san’ati ustalari, professional raqs jamoalari, san’atshunos olimlar, madaniyat sohasining taniqli namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurgan

Festival doirasida o‘tkaziladigan tanlovda 18 davlatdan 160 ishtirokchi qatnashadi. Tanlovni oltita turli davlatdan 6 nafar tajribali, professional hakam baholab boradi.

Ayni damda ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun 11 davlatdan 13 nafar san’atshunos olimlar Xiva shahriga yetib kelgan.

“Lazgi” xalqaro raqs festivalining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantana “Ichan qal’a”ning ko‘hna Ark maydonida bo‘lib o‘tdi.

Xorazmda “Lazgi” ixlosmandlari jam bo‘ldi

Unda festival qatnashchilaridan tashqari, davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, xorijiy sayyohlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tarixiy maydon uzra turli davlatlar bayroqlari hilpiradi.

Xorazmda ilk o‘tkazilayotgan “Lazgi” xalqaro raqs fesivali ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi o‘qib eshittirildi.

So‘ngra ochilish marosimining badiiy qismi boshlandi. Unda turli millat va xalqlarning o‘ziga xos kuy va qo‘shiqlari yangradi. Jozibador raqslari ijro qilindi. Konsert dasturi so‘ngida taniqli xonanda va raqqoslar tomonidan ijro etilgan “Lazgi” qo‘shig‘i yig‘ilganlarni raqsga chorladi.

Muxtasar aytganda, festivalning ochilish marosimi chin ma’nodagi musiqa va san’at bayramiga aylandi.

Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA muxbiri

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email