VhXfpaNqY1g6DfWl9RUcBTHJLBXzYh5B Front

O‘z qiymati va ko‘rkini yo‘qotmaydigan o‘zbek gilamlari

Yurtimizda hunarmandchilik yaxshi an’anaga, ulkan salohiyatga ega soha hisoblanadi.

Umumiy qilib aytganda, hozirgi kunda 25 mingdan ziyod usta, 80 mingga yaqin oila shu sohadan daromad olyapti. Biz yaxshi bilamizki, xalqimizning qalb qo‘ridan yaralgan zebu ziynatlar, bir-biridan bejirim uy-ro‘zg‘or buyumlari eng nozik didli insonlarni ham o‘ziga mahliyo qila oladi. 

Xususan, o‘zbek ipak matolari va qo‘lda to‘qilgan mayin gilamlari asrlar o‘tsa ham o‘z qiymati va ko‘rkini yo‘qotmaydi. Shu bois hozirgi kunda shu kabi milliy hunarmandchiligimizni rivojlantirishga a’lohida e’tibor qaratilmoqda.  

O‘z qiymati va ko‘rkini yo‘qotmaydigan o‘zbek gilamlari

Yurtimiz gilamchilik sohasi tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 1978 yilda Xiva gilam to‘qish kombinati tashkil etilgandan so‘ng gilamchilik sohasi mahalliy sanoatning muhim tarmog‘iga aylandi. Keyinchalik gilam to‘qiydigan korxonalar soni ortib bordi. Gilamchilik markazlarida gilam to‘qish rivojlandi, artellar tuzilib, ularga xalq ustalari jalb qilindi.  

Hozirgi kunda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro kabi viloyatlardagi korxonalarda qo‘lda to‘qilgan gilam va paloslar mahalliy uslub va badiiy usullarda saqlanib kelinmoqda.  

O‘z qiymati va ko‘rkini yo‘qotmaydigan o‘zbek gilamlari

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 iyundagi “Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangandan so‘ng soha rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratildi.  

Xususan, qo‘lda to‘qilgan gilamlarni eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi joriy etildi. Qaror ijrosi doirasida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan aniq ishlar bajarildi.  

– Gilamchilik ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib kelgan qadimiy soha, – dedi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi mas’ul xodimi Miryashin Sagatov. – Prezidentimiz qarori bilan gilamchilik sohasi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar, uyda gilam to‘qiydigan opa-singillarimiz va kasanachilarga bir qancha imtiyozlar berildi. Jumladan, 2020 yil 15 iyuldan boshlab “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘lda gilam to‘qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan harajatlarni qoplash uchun – har bir dastgoh uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiyalar ajratilmoqda. Buning natijasida 2020-2021 yillarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan mingdan ortiq qo‘lda ipak gilam to‘qish dastgohlari o‘rnatilib, ishga tushirildi. 

O‘z qiymati va ko‘rkini yo‘qotmaydigan o‘zbek gilamlari

Shuningdek, bir yarim mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va tegishli viloyat hokimliklari bilan birgalikda Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida turistlar tashrif buyuradigan madaniy meros ob’ektlari hududlarida qo‘lda to‘qilgan gilamlar ko‘rgazma-savdo rastalari (do‘konlari) tashkil etildi.  

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimiz 10 ta davlatga gilam eksportini amalga oshirdi. Jumladan, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, AQSH va Tojikiston kabi davlatlarga qiymati 4 million AQSH dollaridan ortiq gilamlar eksport qilingan. 

Aslida gilamchilik qadimdan chorvachilik bilan shug‘ullanadigan ko‘chmanchi qabilalar orasida keng tarqalgan. U paxta, zig‘ir, jut, ipak tolasi, qo‘y, echki, tuya junidan tayyorlangan. Bunda gilam to‘qish uchun qirqilgan junlar yuvilib tozalanadi, temir taroqlarda taraladi, taralgan junlardan ip yigiriladi va iplar turli tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yaladi. Bunday gilamning ranglari o‘zgarmaydi va o‘zining sifatini yo‘qotmaydi.  

Hozirda sun’iy tolalardan ham gilamlar to‘qilmoqda. To‘qilish usuliga ko‘ra, patli va patsiz gilam turlari farqlanadi. Gilamchilik korxonalari xorijiy mamlakatlar, jumladan, Angliya, Polsha, Turkiya, Germaniya kabi yirik davlatlarning zamonaviy texnologiyalari va asbob-uskunalari bilan ta’minlandi.  

O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email