ObX8q2HwL2H4FEGCZEwxukLMdc1ifuXJ Front

O‘zbekiston yana bir nufuzli xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etadi

Joriy yil 21-24 iyun kunlari Germaniyaning iqtisodiy markazlaridan biri – Frankfurt-Mayndagi «Messe Frankfurt» maydonida «HEIMTEXTILE-2022» to‘qimachilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, «O‘zto‘qimachiliksanoati» uyushmasi ko‘magida mamlakatimizning 20 dan ortiq korxonasi vakillaridan iborat delegatsiya qatnashadi.

1971 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan, uy to‘qimachilik va interer dizayni uchun matolar namoyish etiladigan «HEIMTEXTILE» koronavirus pandemiyasi tufayli ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana an’anaviy shaklda tashkil qilinadi va to‘qimachilik bozori yetakchilari, istiqbolli startap korxonalari, chakana yoki ulgurji savdo mutaxassislari, mebel, interer dizayni, mehmonxona jihozlari dizaynerlari va boshqa ko‘plab soha vakillarini bir joyga to‘playdi.

Tashkilotchi – «Messe Frankfurt» kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy tadbirda jami 1 ming 300 dan ortiq korxona va 4 ming 700 mutaxassis ishtirok etishga qiziqish bildirgan. O‘zbekiston vakillari markaziy pavilonlardan birida, 200 kvadrat/metr joyda milliy stendni yoyadi.

Ko‘rgazma doirasida Yevropaning nufuzli korxonalari bilan sarmoyaviy va eksport imkoniyatini kengaytirish maqsadida bir qator “B2B” uchrashuvlari o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimiz to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va Germaniyaning import qiluvchi korxonalari o‘rtasidagi aloqa yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Masalan, vakillarimiz 2019 yil ushbu ko‘rgazma doirasida 18,2 million dollarlik shartnoma imzolangan bo‘lsa, 2020 yilda eksport bitimlari miqdori 20 million dollarni tashkil qildi.

bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilari Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport qilayotgan mahsulotning asosiy qismi Germaniya va Polsha hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizdan Germaniyaga ip-kalava, turli matolar, shuningdek, tekstil sumkasi, choyshab, sochiq singari tayyor mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Bunda 2021 yil “GSP+” tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotni Yevropa Ittifoqi hududiga bojsiz eksport qilish imkoni yaratilgani, o‘z navbatida, to‘qimachilik sanoati korxonalarining ham Yevropa bozoriga to‘siqsiz, erkin kirib borishi kafolatlangani muhim ahamiyat kasb etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida majburiy mehnat batamom bartaraf etilgani, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va asosiy mehnat huquqini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi ko‘plab xalqaro brendlar tomonidan mamlakatimizga qiziqish ortishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatimiz delegatsiyalarining keyingi vaqtda nemis xalqaro brendlari vakillari bilan uchrashuvlari natijasi o‘laroq, «C&A», «S.Oliver», «Falke», «Dibella», «Koppermann» va boshqa kompaniyalar milliy ishlab chiqaruvchilarimiz bilan turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Germaniyalik xaridorlar, o‘z navbatida, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati mahsulotlari sifatidan mamnun ekanliklarini izhor etishmoqda. Ayni jihatlar Yevropa, xususan, Germaniya bozorida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariga talab ortishida muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.

G.Sattorova, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email