111

O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berishda erishgan yutuqlari AQSHda e’tirof etildi

Oliy Majlis Senati Raisi – Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH)da bo‘ldi.

Tashrif doirasida Vashingtonda AQSH mehnat vaziri o‘rinbosari Tea Li bilan muzokara o‘tkazildi. 

Muloqotda O‘zbekiston qonunchiligidagi o‘zgarishlar,  majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga qaratilgan huquqni qo‘llash choralarini kuchaytirish to‘g‘risida ma’lumot berildi.  

Fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda paxta terimi davrida majburiy mehnatni monitoring qilish mexanizmlari samarali tatbiq etilmoqda. Munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning huquqiy hujjatlari implementatsiya qilinmoqda. 

T.Li O‘zbekiston majburiy mehnatga barham berish sohasida katta yutuqlarga erishganini ta’kidlab, mamlakatimizning XMT bilan birgalikda munosib mehnat dasturi va uch tomonlama hamkorlik mexanizmlarini amalga oshirishni davom ettirish bo‘yicha rejalarini olqishladi. 

Fuqarolik jamiyati institutlarini monitoring jarayoniga jalb etish kengaytirilgani, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarning XMT konvensiyalariga muvofiqligini tekshirish amaliyoti joriy etilgani ham yuqori baholandi. 

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro brendlar ishonchini mustahkamlash va mas’uliyatli mahsulot yetkazib beruvchilarni tanlashda mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlash uchun mustaqil kasaba uyushmalarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini muhokama qildi. 

Uchrashuvda AQSH Mehnat vazirligining 2 million dollarlik “O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish” loyihasining amalga oshirilishiga e’tibor qaratildi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha mehnatkashlar tashkilotlari (kasaba uyushmalari)ning jamoaviy huquqlarini mustahkamlash, mahalliy paxta sanoati korxonalarida xalqaro mehnat standartlariga muvofiq tadbirkorlik va mehnat munosabatlari qoidalariga rioya etilishini va lozim darajadagi korporativ boshqaruvni ta’minlash imkonini berishi bilan alohida ahamiyatga ega. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, munosib mehnat sharoitlarini yaratish sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email