YjOWdVhDTwzjzKlTH3bnFW04sURoSUmH Front

“Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni oʻz egalariga topshirildi

“Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni oʻz egalariga topshirildi

Bag‘rikenglik, ezgulikka xayrixohlik, barcha millatlarni teng, o‘z qadrdonidek ko‘rish o‘zbek xalqining milliy fazilatlaridan sanaladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga asosan O‘zbekistonda 30 iyul sanasi “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlanmoqda.

Bugun yurtimizda 130 tadan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. 152 ta milliy madaniy markaz 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat ko‘rsatyapti. Ular turli millat va elatlarga mansub fuqarolarning ezgu qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash, yosh avlodni millatlararo bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.

Milliy madaniy markazlar faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun keng sharoitlar yaratish masalasi milliy qonunchiligimizda ham o‘z aksini topgan. Ayni paytda grantlar, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar orqali ham ularning turli ilg‘or tashabbuslari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Respublikamizda ikkinchi bor bayram qilinayotgan ushbu sana munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoniga asosan bir guruh hamyurtlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari — orden va medallari bilan taqdirlandi.

Poytaxtimizdagi “International Tashkent Hotel” mehmonxonasida ana shu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlarning vakillari, yurtimizda millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz taklif etildi.

Ushbu tantanali kun munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘llanib, 30 nafar turli millat vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan mukofotlangan turli millat vakillariga davlat mukofotlarini topshirdi.

Qayd etilganidek, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani belgilangan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan mahalliy va xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarning fidoyi mehnatini munosib taqdirlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 iyundagi qaroriga asosan «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.

Joriy yil 283 nafar yurtdoshimiz va xorijiy hamkorlar «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Bayram tadbirida yurtimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun OAV vakillari, do‘stlik jamiyatlari faollari va hamkor tashkilotlar xodimlaridan bir guruhiga ayni mukofotlar topshirildi.

Qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni egalariga topshirdi.

Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari shunday yuksak e’tiborga sazovor bo‘lishganidan davlatimiz rahbariyatiga minnatdorliklarini izhor etishdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email