Bd349be68623bdead177e

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida davlatlar rahbarlari tomonidan ikkita yirik koʻrgazma ochildi. 

Luvr muzeyida ochilgan “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan «Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” namoyishi shular jumlasidan.

Har ikki koʻrgazma ham Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga bagʻishlangan. Luvrdagi namoyish miloddan avvalgi V-VI asrdan Temuriylar davrigacha boʻlgan tarixni qamrab oladi. 

Arab dunyosi institutidagi koʻrgazmada esa XIX-XX asr oʻrtalariga oid eksponatlar, shuningdek, Oʻzbekiston davlat muzey toʻplamlaridagi Turkiston avangardi yoʻnalishiga oid moʻyqalam asarlari oʻrin olgan.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

HAMMASI NIMADAN BOSHLANDI?

2018-yilning oktyabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev birinchi marta rasmiy tashrif bilan Fransiyada boʻldi. Madaniy dastur doirasida Luvr muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi. Bu vaqtda ushbu muzeyda Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bagʻishlangan ulkan koʻrgazmani tashkil qilish gʻoyasi shakllana boshlayotgan edi va davlatimiz rahbari bu gʻoyani maʼqulladi.

Bundan oldin juda muhim koʻplab voqealar yuz berganini ham taʼkidlash joiz.

2009-yilda arxeolog va ilmiy tadqiqotchi Rokko Rante Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand Arxeologiya instituti jamoasi bilan hamkorlikda Buxoroda oʻtkazilayotgan arxeologik qidiruv ishlariga rahbarlik qilgan edi. Mamlakatimiz tomonidan unga Jamol Mirzaahmedov, soʻngra Abdusabur Raimqulovlar boshchilik qilgan.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

2011-yilda Rante oʻsha paytlarda Luvr muzeyi prezidenti boʻlgan Anri Luarettani yurtimizga taklif etadi. Tarixiy materiallar koʻzdan kechirilgach, koʻrgazmani tashkillashtirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va bu qaror 2017-yilda qatʼiy tasdiqlanadi.

Biroz vaqtdan soʻng, Oʻzbekistonning Samarqand viloyatida yana fransuz mutaxassislari bilan birga olib borilgan boshqa qazilma ishlari davomida zardoʻshtiylik davriga oid noyob oʻyma naqshli panno (devoriy rasm) topiladi. Topilma dunyo ahamiyatiga molik yodgorlik edi.

Taxminlarga koʻra, qazilma ishlari olib borilgan joyda Islom davri (VIII asr)gacha hukmdorlarning saroyi boʻlgan. Qalʼa ichidagi inshootda hashamatli xona boʻlgani aniqlangan, uning aksariyat qismini uch pogʻonali shohsupa egallagan. Olimlarning fikricha, u yerda hukmdor taxtda oʻtirgan. Panno esa xona devorlarini bezab turgan.

Bundan tashqari, boshqa noyob anjomlar ham topilgan. Shu tariqa Oʻzbekiston tarixiy va madaniy jihatdan nihoyatda qimmatbaho yodgorliklarni jahonga koʻrsata olishi aniq boʻldi.

Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova va Luvr muzeyi oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolanib, jamgʻarma Kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva boshchiligida tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Dastlab Luvrdagi koʻrgazmani 2020-2021-yillarda oʻtkazish rejalashtirilgan edi, biroq pandemiya bu rejalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qildi va namoyishni 2022-yilga qoldirishga toʻgʻri keldi. 

Bu vaqtda nafaqat Oʻzbekistonning XV asrda yakunlangan qadimiy sivilizatsiyasini koʻrsatish, balki, undan keyingi davrlargacha soʻzlab berish mantiqan toʻgʻri boʻladi, degan fikr keldi. Shu tariqa, bir paytning oʻzida ikkita koʻrgazma – Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida namoyish tashkil qilishga qaror qilindi.

Toʻrt yillik mehnat mahsuli

Har ikkala koʻrgazmani tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida maxsus komissiya tuzildi. Komissiya tarkibidan Sanʼatshunoslik instituti va loyiha maslahatchisi Shokir Pidayev, Islom Sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, vazirlar, olimlar, arxeologlar hamda eksponatlar olinadigan muzeylar rahbarlari va kuratorlari oʻrin oldi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Keng koʻlamli restavratsiya ishlari boshlab yuborildi. Aynan koʻrgazma uchun 2018-yildan buyon 70 dan ziyod buyumlar restavratsiya qilindi. Loyihaga Fransiya va Oʻzbekistondan qogʻoz, yogʻoch, metall, haykaltaroshlik, shisha va devoriy rasm boʻyicha 40 nafardan ortiq restavratorlardan iborat jamoa jalb qilindi. Marina Reutova, Kamoliddin Mahkamov, Shuhrat Poʻlatov, Kristin Parisel, Olivye Tavozo, Delfin Lefevr, Jeraldin Frey, Aksel Delo, Ann Lyeje va boshqalar shular jumlasidandir.

Ayniqsa, VIII asrga oid “Katta Langar Qurʼoni” sahifalarini tiklash juda murakkab va ayni paytda qiziqarli boʻldi. Ushbu Qurʼon Islom dini va musulmonlar uchun juda katta ahamiyat kasb etib, butun insoniyatning madaniy va tarixiy merosini tashkil etuvchi qadriyatlardan biridir.

Restavratsiya ishlari uch yil davom etdi va oʻsha paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari lavozimida ishlayotgan Saida Mirziyoyevaning shaxsiy qoʻllab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi. 

Avvaliga noyob Qurʼonning atigi 2 ta sahifasini tiklash rejalashtirilgan edi va barcha 13 sahifaning tiklanishiga erishildi.

A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kabi tashkilotlar ushbu nodir hujjatni tiklash ishiga jalb qilindi. Tiklash ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delyova Aureliya Streti tomonidan amalga oshirildi.

“Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida”

“Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi hozirgi Oʻzbekistonning janubiy qismidan oʻtgan Buyuk ipak yoʻli tarixi haqida hikoya qilgan holda, miloddan avvalgi V-VI asrdan Temuriylar hukmronligigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. 

Unda monumental sanʼat buyumlari, devoriy rasmlar, saroylarning oʻyma detallari, bezakli amaliy sanʼat buyumlari va boshqa yodgorliklar namoyishga qoʻyilgan. Koʻrgazma 169 ta muzey eksponatlari, xususan, mamlakatimizning 16 ta muzeyidan 138 ta noyob ashyo va dunyoning yetakchi muzeylaridagi 31 ta eksponatdan iborat. 

Luvr muzeyi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Buyuk Britaniya muzeyi va Britaniya kutubxonasi, London Viktoriya va Albert Muzeyi, Parij medallar Mahkamasi, Gime Muzeyi hamda Tillar va sivilizatsiyalar universitet kutubxonasi (BULAC), Lissabon Galuste Gyulbenkyan Fondi shular jumlasidandir. Koʻrgazma kuratorlari: Yannik Lins va Rokko Rante.

Saida Mirziyoyeva taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston azaldan madaniy almashinuv va savdo markazi, Buyuk ipak yoʻli esa, maʼlum maʼnoda dunyodagi ilk iqtisodiy loyiha boʻlgan. Luvr muzeyidagi qariyb ikki ming yillik davrni qamrab olgan koʻrgazma tashrif buyuruvchilarda bugungi Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan turli sivilizatsiyalar haqida serqirra tasavvurni shakllantiradi hamda mamlakatimizning noyob merosini namoyish etadi, bu esa bizning asosiy vazifalarimizdan biridir.

Oʻz navbatida Rokko Rante ushbu koʻrgazmaning ikkita asosiy maqsadi borligini maʼlum qildi. Birinchidan, bu Yevropada Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va madaniyatini koʻrsatishdan iborat. Parij eng yaxshi joy sanaladi, chunki bu yerda dunyoning yetakchi muzeylaridan biri – Luvr joylashgan.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Ikkinchi maqsad – Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi yaqin tarixiy aloqalarni namoyish etishdan iborat. Axir oʻtmishda bu ikki mintaqa oʻrtasida koʻplab umumiy tarixiy lahzalar roʻy bergan.

Bundan tashqari, koʻrgazma Yevropa va Fransiya jamiyati Markaziy Osiyo bilan yanada yaqindan tanishishi uchun maʼrifiy ahamiyat kasb etadi. Zero, mintaqa madaniyati insoniyat sivilizatsiyasida muhim oʻrin egallaydi va muhim tarixiy shaxslarga boydir.

Shuningdek, Rante Luvrdagi “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi yaqin 30-40 yillardagi betakror tadbir boʻlib qolishini ham qayd etdi.

“Katta Langar Qurʼoni”dan tashqari, qadimgi Kofirqalʼa shaharchasidan topilgan kuygan yogʻoch panno, Budda haykali (mil. avv I asr – milodiy I.), Dalvarzintepa koʻhna shahridan topilgan Kushon shahzodasining boshi (I-II asrlar), Buxoroning qadimgi Varaxsha manzilgohidan topilgan va ov sahnasi tasvirlangan VII asrga oid mashhur devoriy rasm, Marko Poloning XIV asrda Osiyoga sayohati toʻgʻrisidagi kitobi nusxasini ham nodir eksponatlar sirasiga kiritish mumkin.

Koʻplab arxeologik kashfiyotlar va muhim restavratsiya ishlari soʻnggi 3 yil ichida amalga oshirilgani hisobga olinsa, ekspozitsiyaning bir qismi ommaga ilk marotaba namoyish etilmoqda.

«Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari”

Mamlakatimizning 9 ta muzeyidagi 300 dan ortiq eksponatni oʻz ichiga olgan ushbu ekspozitsiya orqali oʻzbek amaliy sanʼat buyumlari taqdim etildi.

Mehmonlar eʼtiboriga milliy toʻqimachilik namunalari, milliy liboslar, bosh kiyimlar, XIX –XX asr oʻrtalariga oid bezaklar, Buxoro amirligining zardoʻz choponlari, gilamlar va boshqa koʻplab nodir ashyolar havola etiladi.

Shuningdek, ushbu koʻrgazmada 23 ta rangtasvir asarlari ham namoyishga qoʻyilgan boʻlib, ular orasida I. V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi toʻplamidan olingan Turkiston avangardi asarlari ham oʻrin olgan.

1917-yildan 1932-yilgacha Turkiston rus avangard rassomlari orasida ayniqsa mashhur geografik joy boʻlgan. Matiss Marokkoni kashf etgan paytda rassom avangardchilar “mahalliy koloritni” topish yoʻlida oʻzlari uchun Markaziy Osiyoning boy manzarasi, shakllari va qiyofalaridan noyob ilhom manbaini topdilar.

Koʻrgazmaning eng qiziqarli eksponatlaridan biri XVII-XVIII asrdagi qoraqalpoq ayollarining anʼanaviy bosh kiyimi  —tobelik hisoblanadi. Tobelik silindrsimon shaklga ega boʻlib, marjon va feruza koʻzlar bilan bezatilgan kumush plastinalardan yasalgan. U qoʻshimcha bezak, toʻy bosh kiyimi-saukele ustidan kiyiladigan toj hisoblangan.

Yana kimesheklar ham namoyish etiladi. Bu ham ayollarning milliy bosh kiyimi. Kimeshek boshni toʻliq yopadi, ammo yuz qismi ochiq qoladi. U biroz kapyushon (qaytarma qalpoq)ni eslatadi. Turmushga chiqqan ayollar oʻz maqomlarini bildirish uchun muayyan rangdagi kimeshek kiyganlar.

Shuningdek, arebaklar – uncha katta boʻlmagan buloqilar (burunga taqiladigan bezak), shak-shubhasiz tomoshabinlarning eʼtiborini jalb qiladi. Ular oltindan yasalgan va spiralsimon gajaklar, mayda feruzatoshlar va marjon donalari bilan bezatilgan. Arbeklarni yosh qoraqalpoq ayollari burunning oʻng qanotiga taqib yurishgan va Oʻzbekistonning hech bir joyida bunday bezak boshqa uchramaydi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Tanlab olingan asarlar orasida Oʻrol Tansiqboyev, Viktor Ufimsev, Nadejda Kashina moʻyqalamiga mansub kartinalar bor. Yana Aleksandr Volkov, Aleksey Isupov va boshqa rassomlarning asarlari ham oʻrin olgan. Ulardan har birining oʻziga xos betakror uslubi borligiga qaramay, barcha asarlar birgina mavzu – Sharq va uning ranglar uygʻunligidan ilhom olgan va shu bilan bir-biriga chambarchas bogʻlanganligidan hikoya qiladi. 

Masalan, Nikolay Karaxanning “Hovuz yonidagi qayragʻochlar tagidagi choyxona” kartinasini koʻrgan tomoshabin darhol oʻsha davr muhiti, odamlari, ularning kiyinish uslubi, turmush tarzi va atrofdagi tabiat haqida toʻliq tasavvurga ega boʻladi.

Viktor Ufimsevning “Sharq ohanglari” kartinasi ham gʻoyat qiziqarli. Sibirda tugʻilib oʻsgan rassom Oʻrta Osiyo bilan tanishish barobarida asta-sekin Islom sanʼati sirlarini egallab boradi. Mazkur asar anʼanaviy ziyofat sahnalari muhrlangan musulmon miniatyurasining erkin modern uslubida tasvirlangan koʻrinishidir. Unda ikkita hordiq chiqarayotgan ayol tasvirlangan boʻlib, ularga tomon qoʻlida koʻza tutgan erkak kelmoqda. Gʻarblik tomoshabin bu tasvirni koʻrgach, Sharqda ayolga nisbatan eʼtibor va hurmat qanchalar yuqori boʻlganiga ishonch hosil qiladi.

Umuman olganda, Saviskiy muzeyi tomonidan taqdim etilgan butun toʻplam Sharq, xususan, Oʻzbekiston madaniyatining bor goʻzalligi, oʻziga xos tarovati va jozibasini namoyish etishga qaratilgan va bu kolleksiyaning mashhur Yevropa davlati poytaxtida joylashgan Arab dunyosi institutida namoyish etilishida ham oʻzgacha bir maʼno mujassam. Bu Gʻarb va Sharq ajoyib tarzda birgalikda hayot kechirishi va bir-birini boyitishi mumkinligining yana bir isbotidir.

Ekspozitsiyani yaratishda koʻrgazma kuratorlaridan biri, Fransiyaning “Assouline Publishing” noshirlik uyi rahbari Yaffa Assulin va fotosuratchi Laziz Xamanilar katta yordam koʻrsatdi. Uch yil davomida ular Oʻzbekiston nashriyotlari uchun material topish va toʻplash maqsadida mintaqamiz boʻylab sayohat qildi. «Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” koʻrgazmasi tom maʼnoda ushbu kitoblarning jonli tasviriga aylandi.

Namoyishga qoʻyilgan eksponatlarning aksariyati hech qachon Oʻzbekistondan tashqariga olib chiqilmagan nodir buyumlardir. Hatto milliy oʻzligimizga xos buyumlar, masalan, chopon, soʻzana va yurtimiz muzeylarida taqdim etilgan boshqa eksponatlar bilan yaxshi tanish boʻlganlar ham bu buyumlarni yangicha koʻrinish va rakursda – 3D hajmda koʻradilar va bu mislsiz tajribadir.

Yana bir muhim jihat. Koʻrgazmada Oʻzbekistonning barcha hududlari bir vaqtning oʻzida oʻziga xos tafovutlari, maktablari, buyum tayyorlash usullari bilan namoyish etiladi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Gayane Umerovaning qayd etishicha, Arab dunyosi instituti bilan hamkorlik Oʻzbekiston madaniyatini yanada chuqurroq oʻrganish, boy milliy merosimiz va uning ahamiyatini ochish imkonini beradi. Namoyishning muhim vazifalaridan biri – Oʻzbekiston tarixi va madaniy merosini global miqyosda tanishtirish boʻlgani bois, Madaniyat jamgʻarmasi tomonidan ushbu koʻrgazmaga katta ahamiyat qaratiladi. Koʻrgazma mintaqa sanʼati, hunarmandchiligi va tarixiga qiziqqan keng doira vakillarida qiziqish uygʻotishi kutilmoqda. Shuningdek, Arab dunyosi instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu loyiha xalqlar oʻrtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Koʻrgazmaning ochilishida germaniyalik xoreograf Raymond Rebek tomonidan sahnalashtirilgan “Lazgi – qalb va sevgi raqsi” baleti namoyish etildi. Xorazmning lazgi raqsi 3 ming yildan ortiq tarixga ega boʻlib, u YUNESKOning nomoddiy merosiga kiritilgan.

Xulosa oʻrnida

Ipak yoʻli qamrab olgan hududda eng turfa madaniyatlar va turmush tarzlarini ifodalovchi koʻplab sivilizatsiyalar, etnik guruhlarning izlari, xazinalari saqlangan. Bu koʻplab savdo yoʻllari kesishgan, Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi almashinuv, koʻchmanchi va oʻtroq turmush tarzi, eron, ellinistik, turkiy, xitoy, hind, musulmon, moʻgʻul va boshqa sivilizatsiyalar madaniyatlari oʻzaro bogʻlangan maskandir.

Oʻzbekiston tomonidan Parijda tashkil etilgan namoyishlar butun dunyodagi millionlab fuqarolarga ushbu buyuk tarixni oʻz koʻzlari bilan koʻrish imkonini taqdim etadi.

Ekspertlarning fikricha, madaniyat sohasidagi hamkorlik mamlakat va insonlarni dunyoga tez tanitgani bois, ushbu namoyishlar juda samarali boʻladi. Fransiyaga yiliga 60 million, Luvrga esa 10 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi. Oʻzbekiston yodgorliklarining bunday keng koʻlamli koʻrgazmada namoyish etilishi, mamlakatimiz tarixi bilan yanada yaqinroq tanishtiribgina qolmay, yurtimiz, uning madaniyati va tarixiga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bu turizmni rivojlantirish uchun oʻziga xos reklama boʻlib ham xizmat qiladi. Insonlar koʻrgazmalar, oʻzaro muloqot orqali bir-birlarini qancha yaxshi tanisa, oʻzaro ishonch ham shuncha ortadi. Ishonch esa hamkorlikning boshqa sohalari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

OʻzA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email