UmHwoRZyeFQo2YJdUqF1OxNA86OTCCVR Front

O‘zbekiston va Eron yangi havo qatnovini yo‘lga qo‘yadi

Erondagi elchixonamizda mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi arafasida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida “Qeshm Air” aviakompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab mezbonlarga respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Joriy yil avgust oyida Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi barpo etilgani, ko‘p tarmoqli ushbu maskan yiliga 2 million sayyohga xizmat ko‘rsatishi, markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, kongress-xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va boshqa ko‘plab ob’ektlar qad roslagani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi kun sayin ko‘tarilib borayotgani alohida qayd etildi. Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan 2023 yilda Samarqand Jahon turizm poytaxti, Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahri 2024 yilda turizm poytaxti sifatida e’lon qilinishi yuqoridagi fikrning tasdig‘i ekani ta’kidlandi.

Yurtimizga eronlik sayyohlarni jalb qilish uchun barcha imkoniyat mavjud. Joriy yil 14-16 sentyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv natijasida “Ishbilarmon va ilmiy doiralar hamda turistik guruhlar vakillari uchun viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risida kelishuv”, 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlik dasturi” kabi 18 muhim hujjat imzolandi.

Shu kunga qadar O‘zbekiston va Eron o‘rtasida “Zagros Airlines” kompaniyasi haftasiga bir marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz amalga oshirayotgan edi. Joriy yil 22 dekabrdan boshlab “Qeshm Air” aviakompaniyasi Tehron – Toshkent va Tehron – Samarqand yo‘nalishlari bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochadi. O‘zbekiston va Eron o‘rtasida yana bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi turizmni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email