OZ1LZuSMtR7iNYQ9yr0zmzF7REcIpHDX Front

Kolumbiyada O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi

Kolumbiyaning Bogota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatining o‘ninchi kuniga kelib mamlakatimiz terma jamoasi “Parij-2024” Olimpiadasi reyting ochkolarini taqdim etadigan musobaqaning ilk medallarini qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasida 87 kilogramm vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilgan Tursunoy Jabborova shiddatli va murosasiz bahslarda o‘z irodasini namoyish etdi. Kuchli ruhiy bosimga qaramasdan hamyurtimiz dast ko‘tarishda 112 kilo toshni bo‘ysundirgan holda ikkinchi o‘rinni egalladi. Siltab ko‘tarish mashqida 129 kilo natija bilan 8-pog‘onada qayd etildi. Ikki kurashdagi umumiy 241 kilo esa so‘nggi sarhisobda T.Jabborovaning jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari orasida bronza medaliga musharraf bo‘lishini ta’minladi.  

Kolumbiyada O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi

Terma jamoamiz a’zosi Tursunoy Jabborova munosib yutuqqa erishgan mazkur vazndagi oltin va kumush medallar Norvegiya va Avstraliya sportchilariga nasib etdi.  

Kolumbiya bahslari orqali kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk bor qatnashgan Sharofiddin Amriddinov 102 kilogramm vaznda dast ko‘tarishda 172 kg, siltab ko‘tarishda 197 va ikki kurashda 369 kg bilan 50 nafardan ziyod mahoratli sportchilar orasida 13-o‘rinni egalladi.  

Kolumbiyada O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi

Jahon chempionatining ortda qolgan kunlarida sportchilarimizdan Nigora Abdullayeva 55 kilogrammda 6-o‘rinni, Doston Yoqubov 67 kilogrammda 8-pog‘onani, Muhammadqodir Toshtemirov 81 kilogrammda 7-o‘rinni, Og‘abek To‘xtayev 11-o‘rinni egallagan holda bahslarni yakunlagan edi.  

Olimpiya o‘yinlarining dastlabki reyting ochkolari o‘ynalayotgan chempionatning oxirgi 12 va 13 kungi musobaqalari 16-17 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Ushbu bahslar 109 hamda +109 kilogrammli polvonlar ishtirokida kechadi.  

Eslatib o‘tamiz, 90 dan ziyod davlatning 550 nafarga yaqin eng kuchli og‘ir atletikachilari ishtirokida o‘tayotgan Jahon chempionatining ertaga, 16 dekabrdagi musobaqalari 109 kilogramm vazn toifasida tashkil etilib, unda chempionlik uchun kechadigan kurashlarda Ruslan Nuruddinov supaga ko‘tariladi.  

O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email