Bugun, 16 dekabr kuni poytaxtimizdagi «Yunusobod» sport majmuasida karatening WKF yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida qit’a chempionati boshlandi.
Kecha ushbu chempionat doirasida o‘tkazilgan Osiyo karate federatsiyasi kongressida ishtirok etgan Butunjahon karate federatsiyasi prezidenti Antonio Espinos, Osiyo karate federatsiyasi prezidenti, general-mayor Nasir Abdurrazzoq kabi martabali mehmonlar O‘zbekiston keyingi yillarda yirik sport musobaqalari o‘tkaziladigan mamlakatga aylanib borayotganligi, bu yerda sport turlarining xalqaro rivoji borasida muhim qarorlar qabul qilinayotganligini e’tirof etdi.
Tadbirda qatnashgan Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov qit’a chempionati tufayli Osiyoning eng kuchli karatechilari Toshkentda jam bo‘lganligi quvonchli va e’tiborli voqea ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston karate WKF federatsiyasi raisi Rashid Tolipov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Osiyo mamlakatlari karate federatsiyasi rahbarlari, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari ishtirok etgan kongress davomida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Shuningdek, 2023 yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tadigan Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan karate musobaqalari tayyorgarligiga e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizda karate bo‘yicha boshlanayotgan qit’a chempionati bahslari 20 dekabrga qadar davom etadi.
O‘zA