Kategoriler
UZA

Ozarbayjonda “O‘zbekiston kinosi kunlari” bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon kinematografiya agentliklari hamda mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi hamkorligida Boku shahrida “O‘zbekiston kinosi kunlari” tashkil etildi.

Uch kun davom etgan tadbir davomida “Mangu do‘stlik va qardoshlik”, “101-reys”, “Baron-2”, “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Ayol qismati”, “Maqsud Shayxzoda” nomli hujjatli va badiiy filmlar namoyish etildi.

Ozarbayjonning madaniyat, ilm-fan, san’at, xususan, kino sohasi, diplomatiya korpusi, OAV hamda jamoatchilik vakillari o‘zbek filmlariga, umuman o‘zbek kinematografiyasi faoliyatiga yuqori baho berildi, o‘zbek kino ijodkorlari salohiyati, Ozarbayjonda o‘zbek kinolariga qiziqish kuchliligi, hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirish imkoniyati mavjudligi e’tirof etildi.

“O‘zbekiston kino kunlari” haqidagi ma’lumotlar “AzerTAJ”, “Trend.az”, “Kaspiy.az”, “Report.az”, “Interfax.az”, “Region Plus”, “Novaya epoxa”, “Azerbaycan24”, “Zerkalo.az” kabi ko‘plab OAV orqali keng yoritildi.

O‘zbekiston kinematografiya agentligi mutasaddilarining Ozarbayjon Madaniyat vazirligi va Milliy film fondi rahbariyati bilan uchrashuvlarida hamkorlikni faollashtirish, ikki mamlakat hududlarida birgalikda badiiy, hujjatli filmlar ishlash imkoniyati borligi ta’kidlandi. Sheriklikda “Xo‘ja Nasriddin” kartinasini suratga olish ishlari boshlangani aytildi.

Ma’lumot tariqasida qayd etish joiz, Ozarbayjon film fondi arxivida o‘zbek kinosi tarixiga oid 3 mingdan ziyod fotosurat, 48 ta eng sara o‘zbek filmi saqlanmoqda.

O‘zA

Kategoriler
UZA

Oʻzbekistonlik futbolchi Ronalduga oʻz raqamini bermoqchi

Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoasi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Jaloliddin Masharipov oʻziga tegishli 7-raqamni ushbu klubga oʻtishi kutilayotgan portugaliyalik Krishtianu Ronalduga berishini bildirdi.

Avvalroq Ronalduning “Al-Nasr” jamoasiga oʻtishi maʼlum qilingandi. Uning Saudiya Arabiston jamoasi bilan imzolanajak shartnomasi ikki yarim yilga moʻljallangan boʻlib, har mavsum 200 million yevro atrofida maosh olishi, bundan tashqari, reklama daromadlari belgilangan boʻlib, umumiy faoliyati 500 million yevroga baholangan.

“Al-nasr”ga kelishi kutilayotgan Krishtianu Ronaldu 7-raqamni qabul qilsa, biz xursand boʻlamiz», deya taʼkidlagan Masharipov “vestisport” saytiga bergan intervyusida.

OʻzA

Kategoriler
UZA

Erdog‘an: “Turkiya gaz markazi loyihasi tayyorgarligini boshlab yubordi”

Turkiya gaz markazi loyihasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda, dedi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

“Gaz ishlari Qora va O‘rta yer dengizidagi konlarni o‘zlashtirish bilan kifoyalanmaydi. Ma’lumki, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropaga yetkazib berish uchun Turkiyada gaz xabi yaratishni taklif qildi. Hozir shunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, dedi Turkiya rahbari.

Oktyabr oyida Rossiya yetakchisi “Turkiya xabi “Shimoliy oqim” orqali yo‘qotilgan gaz hajmini qoplash imkonini beradi”, degan edi.

Putin ta’kidlaganidek, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bunday qarorning xavfsizlik darajasi ham ancha yuqori.

Erdog‘an markaz katta ehtimol bilan Turkiya shimoli-sharqidagi Trakiya viloyatida barpo etilishini aytgan.

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston va Eron yangi havo qatnovini yo‘lga qo‘yadi

Erondagi elchixonamizda mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi arafasida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida “Qeshm Air” aviakompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab mezbonlarga respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Joriy yil avgust oyida Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi barpo etilgani, ko‘p tarmoqli ushbu maskan yiliga 2 million sayyohga xizmat ko‘rsatishi, markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, kongress-xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va boshqa ko‘plab ob’ektlar qad roslagani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi kun sayin ko‘tarilib borayotgani alohida qayd etildi. Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan 2023 yilda Samarqand Jahon turizm poytaxti, Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahri 2024 yilda turizm poytaxti sifatida e’lon qilinishi yuqoridagi fikrning tasdig‘i ekani ta’kidlandi.

Yurtimizga eronlik sayyohlarni jalb qilish uchun barcha imkoniyat mavjud. Joriy yil 14-16 sentyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv natijasida “Ishbilarmon va ilmiy doiralar hamda turistik guruhlar vakillari uchun viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risida kelishuv”, 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlik dasturi” kabi 18 muhim hujjat imzolandi.

Shu kunga qadar O‘zbekiston va Eron o‘rtasida “Zagros Airlines” kompaniyasi haftasiga bir marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz amalga oshirayotgan edi. Joriy yil 22 dekabrdan boshlab “Qeshm Air” aviakompaniyasi Tehron – Toshkent va Tehron – Samarqand yo‘nalishlari bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochadi. O‘zbekiston va Eron o‘rtasida yana bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi turizmni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

O‘zA

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston-Turkiya uchun ustuvor yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik muhokama qilindi

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, tarmoqqa raqamlashtirish jarayonini joriy etish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Sohada natijadorlikni oshirish maqsadida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ularning tajribalarini o‘rganish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib keladi.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Aziz Voitovning Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti Muhammed Adak bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda agrar sohadagi hamkorlik O‘zbekiston-Turkiya uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanishi hamda bu boradagi ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.  

O‘zbekiston-Turkiya uchun ustuvor yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi sohasida  hamkorlik muhokama qilindi

Uchrashuvda Turkiyaning qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash maqsadida Qo‘shma o‘quv markazini tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Turkiyaning yerni masofadan zondlash kosmik apparatlari va geoaxborot texnologiyalari yordamida ekinlarni joylashtirish, tuproq holatini kuzatish bo‘yicha qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini qayd etdi.  

Urug‘chilik sohasida Turkiyaning «TURKTOB» urug‘ yetishtiruvchilar uyushmasi mutaxassislari ishtirokida qo‘shma urug‘chilik loyihalarini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.  

Ilm-fan aloqalarini mustahkamlash maqsadida Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasining (TAGEM) mamlakatimizdagi mintaqaviy vakolatxonasini ochish rejalashtirilayotganligi ma’lum qilindi.  

Ta’kidlash joizki, bu kabi hamkorlik aloqalarining kengayishi qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, amaliy natijalarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.  

M.Komilova, O‘zA

Kategoriler
UZA

Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya sammiti Turkmanboshi shahrida o‘tadi

Dekabr oyi boshida Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya sammiti Turkmanboshi shahrida joylashgan Avaza milliy turistik hududida tashkil etiladi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bir kun avval Anqarada Turkiya va Turkmaniston TIV yuqori martabali vakillari siyosiy maslahatlashuv o‘tkazdi. Turkmaniston delegatsiyasiga Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Mamedov, Turkiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li boshchilik qilgan.

“Diplomatlar Avazada rejalanayotgan Turkmaniston – Ozarbayjon – Turkiya uch tomonlama uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini ko‘rib chiqdilar. Muzokara yakunida qator bitimlar imzolanishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Sammit arafasida Turkmanistonda energetika, transport va tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishini ham o‘tkazish mo‘ljallanayotgani aytiladi.

O‘zA

Kategoriler
UZA

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida davlatlar rahbarlari tomonidan ikkita yirik koʻrgazma ochildi. 

Luvr muzeyida ochilgan “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan «Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” namoyishi shular jumlasidan.

Har ikki koʻrgazma ham Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga bagʻishlangan. Luvrdagi namoyish miloddan avvalgi V-VI asrdan Temuriylar davrigacha boʻlgan tarixni qamrab oladi. 

Arab dunyosi institutidagi koʻrgazmada esa XIX-XX asr oʻrtalariga oid eksponatlar, shuningdek, Oʻzbekiston davlat muzey toʻplamlaridagi Turkiston avangardi yoʻnalishiga oid moʻyqalam asarlari oʻrin olgan.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

HAMMASI NIMADAN BOSHLANDI?

2018-yilning oktyabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev birinchi marta rasmiy tashrif bilan Fransiyada boʻldi. Madaniy dastur doirasida Luvr muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi. Bu vaqtda ushbu muzeyda Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bagʻishlangan ulkan koʻrgazmani tashkil qilish gʻoyasi shakllana boshlayotgan edi va davlatimiz rahbari bu gʻoyani maʼqulladi.

Bundan oldin juda muhim koʻplab voqealar yuz berganini ham taʼkidlash joiz.

2009-yilda arxeolog va ilmiy tadqiqotchi Rokko Rante Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand Arxeologiya instituti jamoasi bilan hamkorlikda Buxoroda oʻtkazilayotgan arxeologik qidiruv ishlariga rahbarlik qilgan edi. Mamlakatimiz tomonidan unga Jamol Mirzaahmedov, soʻngra Abdusabur Raimqulovlar boshchilik qilgan.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

2011-yilda Rante oʻsha paytlarda Luvr muzeyi prezidenti boʻlgan Anri Luarettani yurtimizga taklif etadi. Tarixiy materiallar koʻzdan kechirilgach, koʻrgazmani tashkillashtirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va bu qaror 2017-yilda qatʼiy tasdiqlanadi.

Biroz vaqtdan soʻng, Oʻzbekistonning Samarqand viloyatida yana fransuz mutaxassislari bilan birga olib borilgan boshqa qazilma ishlari davomida zardoʻshtiylik davriga oid noyob oʻyma naqshli panno (devoriy rasm) topiladi. Topilma dunyo ahamiyatiga molik yodgorlik edi.

Taxminlarga koʻra, qazilma ishlari olib borilgan joyda Islom davri (VIII asr)gacha hukmdorlarning saroyi boʻlgan. Qalʼa ichidagi inshootda hashamatli xona boʻlgani aniqlangan, uning aksariyat qismini uch pogʻonali shohsupa egallagan. Olimlarning fikricha, u yerda hukmdor taxtda oʻtirgan. Panno esa xona devorlarini bezab turgan.

Bundan tashqari, boshqa noyob anjomlar ham topilgan. Shu tariqa Oʻzbekiston tarixiy va madaniy jihatdan nihoyatda qimmatbaho yodgorliklarni jahonga koʻrsata olishi aniq boʻldi.

Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova va Luvr muzeyi oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolanib, jamgʻarma Kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva boshchiligida tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Dastlab Luvrdagi koʻrgazmani 2020-2021-yillarda oʻtkazish rejalashtirilgan edi, biroq pandemiya bu rejalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qildi va namoyishni 2022-yilga qoldirishga toʻgʻri keldi. 

Bu vaqtda nafaqat Oʻzbekistonning XV asrda yakunlangan qadimiy sivilizatsiyasini koʻrsatish, balki, undan keyingi davrlargacha soʻzlab berish mantiqan toʻgʻri boʻladi, degan fikr keldi. Shu tariqa, bir paytning oʻzida ikkita koʻrgazma – Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida namoyish tashkil qilishga qaror qilindi.

Toʻrt yillik mehnat mahsuli

Har ikkala koʻrgazmani tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida maxsus komissiya tuzildi. Komissiya tarkibidan Sanʼatshunoslik instituti va loyiha maslahatchisi Shokir Pidayev, Islom Sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, vazirlar, olimlar, arxeologlar hamda eksponatlar olinadigan muzeylar rahbarlari va kuratorlari oʻrin oldi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Keng koʻlamli restavratsiya ishlari boshlab yuborildi. Aynan koʻrgazma uchun 2018-yildan buyon 70 dan ziyod buyumlar restavratsiya qilindi. Loyihaga Fransiya va Oʻzbekistondan qogʻoz, yogʻoch, metall, haykaltaroshlik, shisha va devoriy rasm boʻyicha 40 nafardan ortiq restavratorlardan iborat jamoa jalb qilindi. Marina Reutova, Kamoliddin Mahkamov, Shuhrat Poʻlatov, Kristin Parisel, Olivye Tavozo, Delfin Lefevr, Jeraldin Frey, Aksel Delo, Ann Lyeje va boshqalar shular jumlasidandir.

Ayniqsa, VIII asrga oid “Katta Langar Qurʼoni” sahifalarini tiklash juda murakkab va ayni paytda qiziqarli boʻldi. Ushbu Qurʼon Islom dini va musulmonlar uchun juda katta ahamiyat kasb etib, butun insoniyatning madaniy va tarixiy merosini tashkil etuvchi qadriyatlardan biridir.

Restavratsiya ishlari uch yil davom etdi va oʻsha paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari lavozimida ishlayotgan Saida Mirziyoyevaning shaxsiy qoʻllab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi. 

Avvaliga noyob Qurʼonning atigi 2 ta sahifasini tiklash rejalashtirilgan edi va barcha 13 sahifaning tiklanishiga erishildi.

A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kabi tashkilotlar ushbu nodir hujjatni tiklash ishiga jalb qilindi. Tiklash ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delyova Aureliya Streti tomonidan amalga oshirildi.

“Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida”

“Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi hozirgi Oʻzbekistonning janubiy qismidan oʻtgan Buyuk ipak yoʻli tarixi haqida hikoya qilgan holda, miloddan avvalgi V-VI asrdan Temuriylar hukmronligigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. 

Unda monumental sanʼat buyumlari, devoriy rasmlar, saroylarning oʻyma detallari, bezakli amaliy sanʼat buyumlari va boshqa yodgorliklar namoyishga qoʻyilgan. Koʻrgazma 169 ta muzey eksponatlari, xususan, mamlakatimizning 16 ta muzeyidan 138 ta noyob ashyo va dunyoning yetakchi muzeylaridagi 31 ta eksponatdan iborat. 

Luvr muzeyi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Buyuk Britaniya muzeyi va Britaniya kutubxonasi, London Viktoriya va Albert Muzeyi, Parij medallar Mahkamasi, Gime Muzeyi hamda Tillar va sivilizatsiyalar universitet kutubxonasi (BULAC), Lissabon Galuste Gyulbenkyan Fondi shular jumlasidandir. Koʻrgazma kuratorlari: Yannik Lins va Rokko Rante.

Saida Mirziyoyeva taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston azaldan madaniy almashinuv va savdo markazi, Buyuk ipak yoʻli esa, maʼlum maʼnoda dunyodagi ilk iqtisodiy loyiha boʻlgan. Luvr muzeyidagi qariyb ikki ming yillik davrni qamrab olgan koʻrgazma tashrif buyuruvchilarda bugungi Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan turli sivilizatsiyalar haqida serqirra tasavvurni shakllantiradi hamda mamlakatimizning noyob merosini namoyish etadi, bu esa bizning asosiy vazifalarimizdan biridir.

Oʻz navbatida Rokko Rante ushbu koʻrgazmaning ikkita asosiy maqsadi borligini maʼlum qildi. Birinchidan, bu Yevropada Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va madaniyatini koʻrsatishdan iborat. Parij eng yaxshi joy sanaladi, chunki bu yerda dunyoning yetakchi muzeylaridan biri – Luvr joylashgan.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Ikkinchi maqsad – Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi yaqin tarixiy aloqalarni namoyish etishdan iborat. Axir oʻtmishda bu ikki mintaqa oʻrtasida koʻplab umumiy tarixiy lahzalar roʻy bergan.

Bundan tashqari, koʻrgazma Yevropa va Fransiya jamiyati Markaziy Osiyo bilan yanada yaqindan tanishishi uchun maʼrifiy ahamiyat kasb etadi. Zero, mintaqa madaniyati insoniyat sivilizatsiyasida muhim oʻrin egallaydi va muhim tarixiy shaxslarga boydir.

Shuningdek, Rante Luvrdagi “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi yaqin 30-40 yillardagi betakror tadbir boʻlib qolishini ham qayd etdi.

“Katta Langar Qurʼoni”dan tashqari, qadimgi Kofirqalʼa shaharchasidan topilgan kuygan yogʻoch panno, Budda haykali (mil. avv I asr – milodiy I.), Dalvarzintepa koʻhna shahridan topilgan Kushon shahzodasining boshi (I-II asrlar), Buxoroning qadimgi Varaxsha manzilgohidan topilgan va ov sahnasi tasvirlangan VII asrga oid mashhur devoriy rasm, Marko Poloning XIV asrda Osiyoga sayohati toʻgʻrisidagi kitobi nusxasini ham nodir eksponatlar sirasiga kiritish mumkin.

Koʻplab arxeologik kashfiyotlar va muhim restavratsiya ishlari soʻnggi 3 yil ichida amalga oshirilgani hisobga olinsa, ekspozitsiyaning bir qismi ommaga ilk marotaba namoyish etilmoqda.

«Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari”

Mamlakatimizning 9 ta muzeyidagi 300 dan ortiq eksponatni oʻz ichiga olgan ushbu ekspozitsiya orqali oʻzbek amaliy sanʼat buyumlari taqdim etildi.

Mehmonlar eʼtiboriga milliy toʻqimachilik namunalari, milliy liboslar, bosh kiyimlar, XIX –XX asr oʻrtalariga oid bezaklar, Buxoro amirligining zardoʻz choponlari, gilamlar va boshqa koʻplab nodir ashyolar havola etiladi.

Shuningdek, ushbu koʻrgazmada 23 ta rangtasvir asarlari ham namoyishga qoʻyilgan boʻlib, ular orasida I. V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi toʻplamidan olingan Turkiston avangardi asarlari ham oʻrin olgan.

1917-yildan 1932-yilgacha Turkiston rus avangard rassomlari orasida ayniqsa mashhur geografik joy boʻlgan. Matiss Marokkoni kashf etgan paytda rassom avangardchilar “mahalliy koloritni” topish yoʻlida oʻzlari uchun Markaziy Osiyoning boy manzarasi, shakllari va qiyofalaridan noyob ilhom manbaini topdilar.

Koʻrgazmaning eng qiziqarli eksponatlaridan biri XVII-XVIII asrdagi qoraqalpoq ayollarining anʼanaviy bosh kiyimi  —tobelik hisoblanadi. Tobelik silindrsimon shaklga ega boʻlib, marjon va feruza koʻzlar bilan bezatilgan kumush plastinalardan yasalgan. U qoʻshimcha bezak, toʻy bosh kiyimi-saukele ustidan kiyiladigan toj hisoblangan.

Yana kimesheklar ham namoyish etiladi. Bu ham ayollarning milliy bosh kiyimi. Kimeshek boshni toʻliq yopadi, ammo yuz qismi ochiq qoladi. U biroz kapyushon (qaytarma qalpoq)ni eslatadi. Turmushga chiqqan ayollar oʻz maqomlarini bildirish uchun muayyan rangdagi kimeshek kiyganlar.

Shuningdek, arebaklar – uncha katta boʻlmagan buloqilar (burunga taqiladigan bezak), shak-shubhasiz tomoshabinlarning eʼtiborini jalb qiladi. Ular oltindan yasalgan va spiralsimon gajaklar, mayda feruzatoshlar va marjon donalari bilan bezatilgan. Arbeklarni yosh qoraqalpoq ayollari burunning oʻng qanotiga taqib yurishgan va Oʻzbekistonning hech bir joyida bunday bezak boshqa uchramaydi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Tanlab olingan asarlar orasida Oʻrol Tansiqboyev, Viktor Ufimsev, Nadejda Kashina moʻyqalamiga mansub kartinalar bor. Yana Aleksandr Volkov, Aleksey Isupov va boshqa rassomlarning asarlari ham oʻrin olgan. Ulardan har birining oʻziga xos betakror uslubi borligiga qaramay, barcha asarlar birgina mavzu – Sharq va uning ranglar uygʻunligidan ilhom olgan va shu bilan bir-biriga chambarchas bogʻlanganligidan hikoya qiladi. 

Masalan, Nikolay Karaxanning “Hovuz yonidagi qayragʻochlar tagidagi choyxona” kartinasini koʻrgan tomoshabin darhol oʻsha davr muhiti, odamlari, ularning kiyinish uslubi, turmush tarzi va atrofdagi tabiat haqida toʻliq tasavvurga ega boʻladi.

Viktor Ufimsevning “Sharq ohanglari” kartinasi ham gʻoyat qiziqarli. Sibirda tugʻilib oʻsgan rassom Oʻrta Osiyo bilan tanishish barobarida asta-sekin Islom sanʼati sirlarini egallab boradi. Mazkur asar anʼanaviy ziyofat sahnalari muhrlangan musulmon miniatyurasining erkin modern uslubida tasvirlangan koʻrinishidir. Unda ikkita hordiq chiqarayotgan ayol tasvirlangan boʻlib, ularga tomon qoʻlida koʻza tutgan erkak kelmoqda. Gʻarblik tomoshabin bu tasvirni koʻrgach, Sharqda ayolga nisbatan eʼtibor va hurmat qanchalar yuqori boʻlganiga ishonch hosil qiladi.

Umuman olganda, Saviskiy muzeyi tomonidan taqdim etilgan butun toʻplam Sharq, xususan, Oʻzbekiston madaniyatining bor goʻzalligi, oʻziga xos tarovati va jozibasini namoyish etishga qaratilgan va bu kolleksiyaning mashhur Yevropa davlati poytaxtida joylashgan Arab dunyosi institutida namoyish etilishida ham oʻzgacha bir maʼno mujassam. Bu Gʻarb va Sharq ajoyib tarzda birgalikda hayot kechirishi va bir-birini boyitishi mumkinligining yana bir isbotidir.

Ekspozitsiyani yaratishda koʻrgazma kuratorlaridan biri, Fransiyaning “Assouline Publishing” noshirlik uyi rahbari Yaffa Assulin va fotosuratchi Laziz Xamanilar katta yordam koʻrsatdi. Uch yil davomida ular Oʻzbekiston nashriyotlari uchun material topish va toʻplash maqsadida mintaqamiz boʻylab sayohat qildi. «Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” koʻrgazmasi tom maʼnoda ushbu kitoblarning jonli tasviriga aylandi.

Namoyishga qoʻyilgan eksponatlarning aksariyati hech qachon Oʻzbekistondan tashqariga olib chiqilmagan nodir buyumlardir. Hatto milliy oʻzligimizga xos buyumlar, masalan, chopon, soʻzana va yurtimiz muzeylarida taqdim etilgan boshqa eksponatlar bilan yaxshi tanish boʻlganlar ham bu buyumlarni yangicha koʻrinish va rakursda – 3D hajmda koʻradilar va bu mislsiz tajribadir.

Yana bir muhim jihat. Koʻrgazmada Oʻzbekistonning barcha hududlari bir vaqtning oʻzida oʻziga xos tafovutlari, maktablari, buyum tayyorlash usullari bilan namoyish etiladi.

Parijdagi asosiy muzeyda olti oy davomida Oʻzbekistonning ikkita koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Gayane Umerovaning qayd etishicha, Arab dunyosi instituti bilan hamkorlik Oʻzbekiston madaniyatini yanada chuqurroq oʻrganish, boy milliy merosimiz va uning ahamiyatini ochish imkonini beradi. Namoyishning muhim vazifalaridan biri – Oʻzbekiston tarixi va madaniy merosini global miqyosda tanishtirish boʻlgani bois, Madaniyat jamgʻarmasi tomonidan ushbu koʻrgazmaga katta ahamiyat qaratiladi. Koʻrgazma mintaqa sanʼati, hunarmandchiligi va tarixiga qiziqqan keng doira vakillarida qiziqish uygʻotishi kutilmoqda. Shuningdek, Arab dunyosi instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu loyiha xalqlar oʻrtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Koʻrgazmaning ochilishida germaniyalik xoreograf Raymond Rebek tomonidan sahnalashtirilgan “Lazgi – qalb va sevgi raqsi” baleti namoyish etildi. Xorazmning lazgi raqsi 3 ming yildan ortiq tarixga ega boʻlib, u YUNESKOning nomoddiy merosiga kiritilgan.

Xulosa oʻrnida

Ipak yoʻli qamrab olgan hududda eng turfa madaniyatlar va turmush tarzlarini ifodalovchi koʻplab sivilizatsiyalar, etnik guruhlarning izlari, xazinalari saqlangan. Bu koʻplab savdo yoʻllari kesishgan, Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi almashinuv, koʻchmanchi va oʻtroq turmush tarzi, eron, ellinistik, turkiy, xitoy, hind, musulmon, moʻgʻul va boshqa sivilizatsiyalar madaniyatlari oʻzaro bogʻlangan maskandir.

Oʻzbekiston tomonidan Parijda tashkil etilgan namoyishlar butun dunyodagi millionlab fuqarolarga ushbu buyuk tarixni oʻz koʻzlari bilan koʻrish imkonini taqdim etadi.

Ekspertlarning fikricha, madaniyat sohasidagi hamkorlik mamlakat va insonlarni dunyoga tez tanitgani bois, ushbu namoyishlar juda samarali boʻladi. Fransiyaga yiliga 60 million, Luvrga esa 10 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi. Oʻzbekiston yodgorliklarining bunday keng koʻlamli koʻrgazmada namoyish etilishi, mamlakatimiz tarixi bilan yanada yaqinroq tanishtiribgina qolmay, yurtimiz, uning madaniyati va tarixiga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bu turizmni rivojlantirish uchun oʻziga xos reklama boʻlib ham xizmat qiladi. Insonlar koʻrgazmalar, oʻzaro muloqot orqali bir-birlarini qancha yaxshi tanisa, oʻzaro ishonch ham shuncha ortadi. Ishonch esa hamkorlikning boshqa sohalari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

OʻzA

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston – Fransiya: davlat xizmatini rivojlantirish tizimlari hamkorlik qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Fransiya Respublikasi Davlat sektorini transformatsiya qilish va davlat xizmati vazirligi hamkorlikka oid deklaratsiya imzolandi.

Hujjatda qo‘shma tadbirlarni tashkil qilish, sohaga oid loyihalarni amalga oshirish, davlat xizmatchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, o‘quv dasturlarini tashkil qilish belgilangan.

Deklaratsiyani amaliyotga tatbiq qilish doirasida davlat xizmatchilarining Fransiyada malaka oshirishi tashkil qilinadi. Ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatida raqamlashtirish va innovatsiyalar bo‘yicha tajriba almashiladi.

O‘zA

Kategoriler
UZA

Amerikada suratga olinayotgan o‘zbek filmi

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov haqida badiiy film yaratilmoqda.

Badiiy filmni yaratish g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, hozirda filmning s’yomka jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Ijodiy guruh O‘zbekistondagi tasvirga olish ishlarini yakunlab, AQSHda suratga olish ishlarini davom ettirishmoqda. 

— Zamonaviy texnikalar bilan xorijda film suratga olish imkoniyatini yaratib bergani uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu Davlatimiz rahbarining kino sohasiga, kinoijodkorlarga qaratayotgan alohida e’tiboridan dalolat beradi. O‘zbek kinoijodkorlarining Gollivudda o‘z qahramonlari haqida filmlar yaratishini tasavvur qilish qiyin edi, endi esa bu haqiqat. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda yordam va ko‘mak ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga alohida minnatdorchilik bildiraman, – dedi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK rahbari, film ssenariy mualliflaridan biri Furqat Usmonov.

Film rejissyori Muzaffarxon Erkinov Gollivudda filmning qaysi epizodlari suratga olinayotgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi:

— Abdulla Oripov hayotining so‘nggi oylari AQSHda o‘tgan. U Texas shtatining Xyuston shahrida yashagan. Shu sabab shoirning qizi Mavluda Oripova xonadonida, shuningdek, shoir sayr qilishni juda yaxshi ko‘rgan Tinch okeani sohillarida epizodlar suratga olyapmiz. Biz bu epizodlarni Gollivudda suratga oldik. Filmda shoirning nabirasi ham o‘z obrazini o‘zi gavdalantirmoqda, — deya sharhlaydi Muzaffarxon Erkinov.  

Suratga olish ishlari AQSHning Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borilmoqda. Filmda Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini esa O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilmoqda. Bundan tashqari kinokartinada “Do‘stlik” ordeni sohibi, shoir Shodmonqul Salom, mahoratli yosh aktrisa Rayhon Asadova va boshqa mahoratli aktyorlarni ham ko‘rish mumkin.  

Film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Muzaffarxon Erkinov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov.

Film premerasi yil yakuniga rejalashtirilgan.  

O‘zA

Kategoriler
UZA

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

11 noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi, ushbu ko‘p tomonlama tuzilma Kotibiyati rahbarlari qatnashdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlar o‘rtasida fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tinchlik va do‘stlik ramzi, fan va ma’rifat markazi bo‘lmish Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun sammit ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.

– Qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan. Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston o‘z raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda bugun qabul qilinayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan Tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyatida.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston rahbari Tashkilot faoliyatining chuqur tahlili asosida turkiy mamlakatlarning ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik asoslarini mustahkamlash maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

– Mamlakatlarimizning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun Tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusi ilgari surildi.

Ushbu maqsadga erishish uchun Davlatimiz rahbari har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etdi.  Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalarni o‘tkazish katta amaliy natija beradi.  Ushbu tadbirlar yakunlari bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yo‘l xaritalari” qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bu choralar, eng avvalo, o‘zaro savdoni keskin oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, qo‘shilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etishga qaratiladi.

Kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masala – bu transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish.

– Biz Transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Transport vazirlari asosiy e’tiborni mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratgan holda yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishi taklif etildi.

Bu yil Toshkentda o‘tkazilgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida nihoyatda katta salohiyat borligini yaqqol ko‘rsatgani ta’kidlandi.

– Tashkilotimizning nafaqat o‘z mamlakatlarimizni, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati bor, – dedi O‘zbekiston rahbari.

Shu maqsadda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “aqlli” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish lozim.

Prezidentimiz yosh avlodni har tomonlama rag‘batlantirish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

Kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazishni taklif etildi. Uning doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz, Tashkilotimiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

– Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni ta’minlash maqsadida Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish ayni muddao bo‘lar edi, – deya taklif bildirdi mamlakatimiz yetakchisi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – mintaqamizda xavfsizlikni ishonchli ta’minlash. Terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni ta’minlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

– E’tiboringizni yana bir dolzarb masalaga qaratmoqchiman. bugungi kunda yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun O‘zbekiston Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. Kelgusi yilda esa tashkilotning 30 yilligini nishonlash doirasida Turkiy xalqlar madaniyati festivali o‘tkaziladi.

Yaqinda yurtimizda Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami o‘zbek tilida nashr qilindi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

– Ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lar edik, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, uning nufuzini yanada oshirish va hamkorlik salohiyatini to‘liq ishlatish maqsadida bu tuzilmada institutsional islohotlar o‘tkazishni taklif etdi.

Ustuvor yo‘nalishlar bo‘lgan siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot texnologiyalari, turizm, innovatsiya va ta’lim, tibbiyot, yoshlar va boshqa sohalar bo‘yicha vazirlar darajasida alohida qo‘mitalar tuzish taklifi bildirildi.

– Ularning faoliyatiga ekspert va olimlarni, jamoatchilik va xususiy sektor vakillarini faol jalb etilishi katta samara berishi shubhasiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Kotibiyatning o‘rni va ta’sirini oshirish uchun kelgusi sammitda uning yangi tuzilmasini tasdiqlash, davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinayotgan barcha qaror va hujjatlarning qat’iy nazorat tizimini kuchaytirishga tashkilotning Oqsoqollar kengashini jalb etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

– Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulug‘ ajdodlari va beqiyos boyliklari bor. Va men ishonaman, turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda. Bu kelajakni, hech shubhasiz, mehnatkash, bag‘rikeng va olijanob xalqlarimiz bilan birgalikda yaratamiz. Ko‘hna Samarqand shahridagi sammitimiz esa turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab beradi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.

Yig‘ilish natijalari bo‘yicha Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga Kubanichbek Omuraliyev nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi