4040620-1

Muzeyga virtual sayohat

O‘zA – 10.06.2009 – Buyuk tariximizni, ajdodlarimizning boy madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar bermoqda. Zero, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongida vatanparvarlik, yurtga sadoqat kabi tuyg‘ularni shakllantirishda tarixni bilish muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda muzeylar faoliyatini yaxshilash, ularda saqlanayotgan eksponatlarni asrab-avaylash, boyitish va tadqiq etish borasidagi ishlar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi mustaqillik yillarida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining boy madaniyati, milliy qadriyatlarini tarannum etuvchi yuzlab osori-atiqalar bilan boyidi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti tomonidan ishlab chiqilgan “I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga virtual sayohat” mavzuidagi multimedia kompakt diski taqdimotiga bag‘ishlangan anjumanda shular haqida so‘z bordi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi hamkorligida tayyorlangan kompakt diskda muzeyning arxeologik kolleksiyasi, tasviriy san’at asarlari, mutaxassislarning muzey haqidagi fikrlari o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘z ifodasini topgan.
Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlar, olim va mutaxassislar, san’at ixlosmandlari hamda sayyohlarni muzey fondidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishtirish, boy tariximiz, qadimiy an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishdir.

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email