ZhYnZrpV3PfZONt3F3WudUvDvv16hG1R Front

O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikka va liderlikka intilmoqda

O‘zbekiston uchun Hind okeaniga chiqish azaliy orzu. Bu hafta Toshkentda o‘tayotgan xalqaro anjuman ortidagi asosiy omil – mana shu maqsadga yetish uchun harakatlarni kuchaytirish. Biroq bu imkoniyatni qo‘lga kiritish hozir yanada murakkablashgan. Muammo esa yangi emas – 42 yildan beri notinch Afg‘onistonda vaziyat tobora og‘ir.

Toshkent 15-16 iyul kunlari uzoq va yaqin davlatlardan 200 ga yaqin liderlar, diplomatlar, mutaxassislar, tadbirkorlar, investorlar, bankirlar va turli xalqaro tashkilotlarning vakillariga mezbonlik qilib, e’tiborni Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga bog‘lovchi loyihalar va tashabbuslarga qaratmoqchi.

Okeandan yiroq Markaziy Osiyo mamlakatlari janub tomon yangi tijoriy yo‘llar va bozorlar ochishni xohlaydi. Aholisi ko‘payib borayotgan Janubiy Osiyo esa shimoldagi tabiiy zaxiralar va iqtisodiy imkoniyatlarga yetishni istaydi.

Biroq bugungacha bu istak va xohishlar haqida bong urilgan xolos, real qadamlar deyarli tashlanmagan. Buga O‘zbekistonning o‘zi ham sababchi.

Islom Karimov rahbarligi davrida respublika mintaqaviy integratsiyani tahdid deb hisoblar, qo‘shnilar bilan suv, energiya va boshqa masalalar ustida kelisha olmas edi. Toshkent nafaqat Markaziy Osiyoda iqtisodiy birdamlik zarurati, balki Janubiy Osiyo bilan bog‘liqlikni ham tan olmas edi. Tan olsa-da, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun jiddiy ishlar qilishdan bosh tortar edi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, qo‘shnilar bilan rishtalarni yaxshilay boshladi, chegaralarni ochdi va o‘zaro muloqotni yo‘lga qo‘ydi. Bu o‘zgarish besh yilda, ya’ni prezidentlik muddatida erishilgan eng yirik yutuq deya e’tirof etiladi.

Regional hamjihatlik, iqtisodiy hamkorlikka undab kelayotgani va Markaziy hamda Janubiy Osiyo bilan diplomatiyani faollashtirgani uchun O‘zbekiston endilikda mintaqaviy yetakchisi deb ta’riflana boshlagan.

Biroq ekspertlar deydiki, gap ta’rif va e’tiroflarda emas, amalda nima yangilanishida. Toshkentdagi anjuman natijasida tijorat, transport va kommunikatsiya aloqalari kengayadimi? Haqiqiy baho shunga qarab beriladi.

Bu konferensiya tashabbusi bilan chiqqanida O‘zbekiston Afg‘onistonning yozga borib bu qadar beqarorlashadi deb kutmagan. May oyidan AQSH kuchlari tezlikda chiqishni boshlagach, Tolibon viloyatma-viloyat o‘z nazoratini o‘rnatishga tushdi. Zo‘ravonlik, qon to‘kish avj oldi.

Toshkentdagi yig‘in qatnashchilari Afg‘onistonda siyosiy guruhlarni muzokaraga va sulhga undashi tayin. Tolibon konferensiyada kutilmayapti, ammo hokimiyatni unga boy berish ehtimoli kuchayib borayotgan prezident-  Ashraf G‘ani ishtirok etadi.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, AQSHninng Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod, Oq uyda Ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Elizabet Shervud-Rendell va Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo‘yicha bosh rasmiysi Josep Borrell anjumanga o‘z delegatsiyalari bilan kelmoqda.

Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Bangladesh tashqi ishlar vazirlari va rasmiylari ham kelishini tasdiqlagan.

Toshkentdan tahlilchi Farhod Tolipov nazarida O‘zbekiston o‘zining aktiv mintaqaviy siyosati borligini namoyish etmoqda.

«Umuman olganda, agar Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari orasida bog‘liqlik tiklansa, unda O‘zbekiston uchun jahon dengiz savdo yo‘llariga chiqish uchun eng qisqa transport koridori ochilar edi. Qolaversa, ushbu anjuman Afg‘onistonga bo‘lgan xalqaro e’tiborni so‘nmasligiga ham xizmat qiladi», deydi Tolipov.

«Hozircha biz faqat forum shaklida messejlarni kutishimiz mumkin, xolos. Unda qandaydir bitimlar va maxsus bayonotlar qilinmaydi. 2018 yil mart oyidagi Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonga bag‘ishlangan shunga o‘xshash xalqaro konferensiyani eslaylik. Unda juda muhim Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi va Afg‘onistonda urush olib borayotgan barcha kuchlarga murojaat va da’vat qilingan. Xo‘sh, natija nima bo‘ldi? Shu nuqtai nazardan, bu yig‘inning ko‘proq diplomatik mohiyati bo‘lib, amaliy darajada samara berishiga nisbatan skeptik fikrim bor. Ko‘p jihatdan, bu konferensiyada qabul qilinadigan hujjatning mazmuniga bog‘liq, ya’ni: ishtirokchilar unda nimalarni bayon qiladi, qanday qarorga kelishadi», deydi ekspert.

Vashington Markaziy va Janubiy Osiyoni birga ishlashga unday bo

shlaganiga kamida 15 yil bo‘ldi. 2005 yilda Davlat departamenti hatto Markaziy Osiyo bo‘limini Yevrosiyodan olib, Janubiy Osiyo bilan birlashtirgan edi.

Lekin chaqiriqlar bilan iqtisod kuchaymaydi. Har ikki mintaqaga sarmoyani AQSH emas, asosan Xitoy qilar ekan, Vashington diplomatiyasi uzoqqa bormayapti.

Farhod Tolipov Turkmaniston gazini Afg‘oniston va Pokiston orqali Hindistonga olib borishi ko‘zlangan quvur loyihasi, shuningdek, Markaziy Osiyo tokini Janubiy Osiyoga yetkazadigan tizim proyekti ham G‘arb tashabbuslari bo‘lganini va ular hamon amalga oshmaganini eslatadi.

Amerikalik olima, Pittsburg universiteti professori Jennifer Murtazashvili nazarida Toshkent bu anjumandan faqat yutadi. Hozirda O‘zbekiston jahon bozorlariga chiqish uchun Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga tobe.

«AQSH va Eron rishtalari murakkab. Shunday ekan, Eron orqali chiqishga sarmoya topish ham qiyin. Afg‘oniston va Pokiston orqali osonroq», deydi Murtazashvili.

Uning tahlilicha, mintaqada hozir bir-biriga bog‘lanmagan bozorlar tadbirkorlar, hukumatlar va fuqarolar uchun birdek qimmat.

«Anjumandagi kelishuvlar mana shu muammoni hal etishga hissa qo‘shishi mumkin».

Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari AQSHdan texnik yordam va uning xususiy sektoridan ko‘proq sarmoya kutmoqda. Biroq Afg‘onistondagi notinchlik investorlar xohishi va qiziqishiga salbiy ta’sir qilishi tayin.

Jorj Bush va Barak Obama davrida ham Amerika mintaqaviy hamkorlikka qanchalik urg‘u bergan bo‘lsa-da, katta loyihalar uchun sezilarli darajada mablag‘ ajratilmagan.

«Mirziyoyev hukumati iqtisodiy taraqqiyotni xalqaro savdo va sarmoyada ko‘radi», deydi Murtazashvili.

Toshkentdagi anjuman orqali O‘zbekiston Afg‘onistonda kim hukmronlik qilishidan qat’i nazar, Markaziy va Janubiy Osiyo iqtisodiy integratsiya yo‘lidan boraveradi, degan umidni olg‘a surayotgandek.

Ekspertlar fikricha, bu konferensiya Afg‘oniston emas, O‘zbekiston uchun ko‘proq muhim. Chunki hukumat e’tiborni qo‘shni davlatda tinchlikka erishish zarurati va regional borliqqa qaratib, tashqi siyosatidagi ikki asosiy yo‘nalishini ko‘z-ko‘z qilmoqda.

Navbahor IMOMOVA, “Amerika ovozi”-O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email