M2LrJReWmHrDowz4hTXFkfgAE72JCK1C Front

Jonkeldida yangi arxeologik yodgorliklar topildi

Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasining O‘zAga bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand Davlat universiteti mutaxassislaridan iborat ekspeditsiya joriy yilning 25 iyun – 25 iyul kunlarida Buxoro viloyati Peshku tumaniga qarashli Jonkeldi qishlog‘i atrofi hududlarida (2 ta hudud: 23500 ga va 6700 ga maydonda) arxeologik yodgorliklarni aniklash va xaritalashtirish maqsadida dastlabki dala-qidiruv ishlarini olib bordi.

Qizilqum cho‘lini arxeologik o‘rganish ishlari XX asrning 40-yillari oxirlaridan boshlab amalga oshirilgan va bu yerdan yuzlab yodgorliklar, yirik madaniyatlar topildi. Ilmiy muomalaga kiritilgan bo‘lsada, hududda yangidan-yangi moddiy madaniy manzillarning topilishi davom etmoqda. Buxoro viloyati, Peshku tumaniga qarashli Jonkeldi qishlog‘i atrofidan hozirgacha bironta yodgorlik topilmagan edi. Qizilqum arxeologiyasining yirik tadqiqotchisi A.V. Vinogradov tomonidan Jonkeldi qishlog‘idan 20-25 kilometrlar chamasi janubiy-sharqdan Toshbuloq va Toshqazg‘an topilma joylari fanga ma’lum qilingan edi, xolos. Biroq, ushbu yodgorlik shartnomada belgilab berilgan elektrostansiya hududi chegarasidan chetroqda joylashgan.

Jonkeldida yangi arxeologik yodgorliklar topildi

Jonkeldi qishlog‘i atrofi hozirda fauna-florasi juda kambag‘al, kunning teng yarmida shamol esib turadigan, kuchli darajada yuvilgan past tog‘lar va botiqlardan iborat. Hududni Quljuqtov tizmasi kesib o‘tadi va atrofi mavsumiy qor-yomg‘ir hamda atigi bir nechtagina buloqlar suvi bilan to‘yinadi.

Jonkeldida yangi arxeologik yodgorliklar topildi

Quljuqtov — orolcha tipidagi tog‘li tizma bo‘lib, Qizilqum cho‘lining markaziy qismida joylashgan. Tizmaning uzunligi 100 kilomterga yaqin, eni — 15 kilomter, maksimal balandligi — 785 metr. Tog‘ning janubiy etaklari (Jonkeldi hududi) yassilashgan (375 m), quruq kanonlar bilan ajralgan; shimoliy qismi tik qoyali jarliklarga ega. Qo‘ljuqtov ko‘proq kristallashgan slanets va oxaktoshlardan tarkib topgan, atroflarida yura, bo‘r va paleogen cho‘kindi jinslari uchraydi va ustki qismi ba’zan shamol yordamida keltirilgan qumlar bilan qoplangan.

Jonkeldida yangi arxeologik yodgorliklar topildi

Jonkeldi hududida bir vaqtlar mavjud bo‘lgan kremniy konlari ehtimol, kichik bo‘lganligi sababli buzilib yoki ko‘milib, deyarli yo‘qolib ketgan. Bu yerda tosh davri odamlari tomonidan ishlov berishga yaroqli yashma, kremniylashgan oxaktosh va kvars uchraydi. Hududdagi botiqlar bo‘ylarida ayrim ishlov berilgan tosh buyumlar ham topildi. Biroq ular tabiiy ta’sirlar tufayli kuchli darajadagi deflyatsiyaga uchragan va tipologik jihatdan o‘qilishi qiyin.

Jonkeldida yangi arxeologik yodgorliklar topildi

Shunday bo‘lsada ibtidoiy odamlar tomonidan ishlov berishga yaroqli tosh xomashyosining va qadim o‘tmishda mavsumiy suv manbalarining mavjudligi ekspeditsiya a’zolariga hududda arxeologik-qidiruv ishlarini davom ettirishga umid bag‘ishladi. Nima bo‘lganda ham loyihaga ko‘ra belgilangan hudud arxeologik jihatdan tadqiq qilinishi lozim edi. Shuning uchun ham yilning ekstrimal issiq sharoitlariga qaramasdan ekspeditsiya hududda o‘z ishlarini davom ettirdi. Natijada, Jonkeldi qishloq markazidan 10 kilomter shimoliy-sharqda joylashgan nomsiz botiqning (hajmi: 10×3 km) shimoliy bortidan neolit davriga oid tom ma’nodagi toshga ishlov berish ustaxonasi topildi.

Jonkeldida yangi arxeologik yodgorliklar topildi

Ustaxona dengiz sathidan 383 metr balandlikda, hozirda yemirilib ketgan kremniy konlari ustida joylashgan. Maydoni 70×30 metr va ikki tomondan jarliklar bilan kesilgan. Bu yerda kremniyning oq, jigarrang va kulrang tusdagilari uchraydi. Biroq ular orasida oq kremniy ko‘pchilikni tashkil qiladi. Yodgorlikda o‘tkazilgan qazish ishlari bu yerda madaniy qatlamning yagonaligini va qalinligi 40 sm gacha yetishini ko‘rsatdi. Ushbu chuqurlikdan keyin topilmalar tugaydi va ohaktoshli qoyalar boshlanadi.

Ustaxonadan 400 dan ziyod ishlov berilgan tosh buyumlar yig‘ib olindi. Topilmalar orasida bir qator xomashyo deffekti tufayli yoki boshlang‘ich bosqichlarda tashlab yuborilgan nukleuslar, uchirindi va plastinalar mavjud. Shuningdek to‘plamda toshlarni chaqmoqlash bilan bog‘liq texnik yo‘nilg‘ilar katta qismni tashkil qiladiki, bu toshlarga birlamchi ishlov berish ishlari shu joyning o‘zida amalga oshirilganligidan dalolat beradi. Aftidan, neolit davri aholisi (mil avv. VII-V ming yilliklar) bu yerga sifatli xomashyoni qo‘lga kiritish uchun tashrif buyurgan.

Materiallarning guvohlik berishicha, bu yerda mavjud bo‘lgan kremniy qalin oxaktosh qobiqqa va ichki deffektlarga ega. Shuning uchun ham ibtidoiy ustalar kremniyni shu joyning o‘zida keraksiz qobiqlardan va ichki deffektlardan tozalab, yo‘nilg‘ilar yoki tayyor (deffektlardan xoli) nukleuslar shaklida makonlarga olib ketgan. Buning uchun shu joyning o‘zida toshlarga birlamchi ishlov berilgan. Tipologik jihatdan bu “tom ma’nodagi” ustaxona, ya’ni kremniy konlari yaqinida joylashgan bu joyga neolit davri odamlari xomashyo olib ketish uchun tashrif buyurgan. Yodgorlikka Jonkeldi neolit davri ustaxonasi nomi berildi.

Bu yerdan yig‘ib olingan arxeologik materiallarning texnik-tipologik va keng qiyosiy tahlillari ustaxonaning mohiyatini kengroq ochib berish imkonini beradi. Biroq hozirdanoq aytish mumkinki, Jonkeldi hududidan yangi tosh davriga oid yangi yodgorlik – toshga ishlov berish ustaxonasi topildi va O‘zbekiston tarixi neolit davriga oid yangi bir yodgorlik bilan boyitildi. Jonkeldi hududi ibtidoiy odamlar yashashi uchun qulay paleoekologik sharoitlarga ega bo‘lgan. Bu yerda mavjud bo‘lgan sifatli kremniy konlariga ehtimol, yaqin atrof yoki qo‘shni hududlardan ibtidoiy ajdodlarimiz tashrif buyurib, xomashyo olib ketgandir.

Ustaxona topilgan nomsiz botiqni tadqiq qilish jarayonida uning janubiy-g‘arbiy bortidan o‘rta asrlarga (V-X asrlar) oid tizimli tarzda shimoliy-g‘arb – shimoliy-sharq yo‘nalishidagi bir chiziq bo‘lib cho‘zilgan 8 ta doira shaklidagi mozorqo‘rg‘onlar guruhi topildi. Qo‘rg‘onlarning ustki qismi turli o‘lchamlardagi (20-50 sm) ohaktoshlar bilan doira shaklida qalangan tosh to‘plamlari kuzatildi. Tosh qalamalarning diametri 5 ta xolatda 2 metr radiusni, qolgan 3 tasida yanada kichikroq diametrga ega. Qo‘rg‘onlar orasidagi masofa 3 metrni tashkil qiladi. Qabrlar deb tahmin qilinayotgan bu qurilmalarning 4-sidan ko‘plab sopol parchalari yig‘ib olindi. Sopollar ilk o‘rta asrlar sopollari deb taxmin qilinmoqda.

Shunday qilib, Buxoro viloyati Peshku tumani Jonkeldi qishlog‘i atrofidagi loyiha bo‘yicha belgilab berilgan 30 mingdan ortiq hududlarning arxeologik xaritasidan “oq dog‘”lar olib tashlandi. Bu hududda neolit va o‘rta asrlarda ajdodlarimiz istiqomat qilganligi aniqlandi.

Zarif Komilov, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email