Jkqlg1bl2yDdFtERhC0baQnAteH9qwN0 Front

4-10 oktyabr kunlari O`zbekistonda “Keksalar haftaligi” o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ularning o‘rnini yanada oshirish maqsadida har yil oktyabr oyining birinchi haftasida yurtimiz miqyosida “Keksalar haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 sentyabrdagi tegishli bayoniga asosan, joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda. Haftalik doirasida yurtimizdagi barcha mahallalarda nuroniylar, shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar, xayriya tadbirlari, jumladan, nuroniy va yoshlar o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha “Aql charxi” turniri, voleybol, mini-futbol, stol tennisi va boshqa sport musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Jamoatchilik vakillari ishtirokida hududlardagi yangi qad rostlagan “Nuroniylar maskani”, “Mahalla markazi” majmualari, fuqarolar yig‘ini binolari hamda mahallalardagi boshqa ijtimoiy ob’ektlarning ochilish marosimlari o‘tkaziladi.

Haftalik doirasida mahallalarda hunarmand-ustalar, kulollar tomonidan yaratilgan milliy mahsulotlar hamda turli millat vakillarining amaliy san’at, hunarmandchilik buyumlari, liboslari ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tadi.

Nuroniylar ishtirokida muzey, ziyoratgoh va qadamjolar, shuningdek, yurtimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlar uyushtiriladi. Ziyoratgoh va qabristonlar, yakka, yolg‘iz keksalar xonadonida hashar asosida obodonlashtirish ishlari olib boriladi.

100 yosh va undan katta yoshdagi kishilar ishtirokida “Asr bilan yuzma-yuz” mavzusidagi tadbirlar,

ta’lim muassasalarida ibratli hayot yo‘li va mehnati bilan aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan keksalar ishtirokida “Nuroniylar yoshlar nigohida” mavzusida uchrashuv va ko‘rik-tanlovlar, rasmlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Mahallalarda “Bobom, buvim va men kitobxon” shiori ostida kitobxonlik aksiyalari, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida keksa avlod vakillari ishtirokida “Keksa avlod oilaviy ajrimlarga qarshi”, “Biz bor joyda jinoyatga o‘rin yo‘q”, “Hayotning qadriga yet!” mavzularida davra suhbatlari tashkil etiladi.

Shuningdek, haftalik davomida pensioner, yakka, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishga ko‘maklashiladi, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi. Turli sohalarda faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan keksa avlod vakillari ishtirokida uchrashuvlar uyushtiriladi.

Malakali shifokorlardan tashkil topgan “Tibbiyot avtobuslari” orqali respublikamizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlanadi.

Nogironligi bor keksa ayollarga reabilitatsiya vositalari – nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi taqdim etiladi.

“100 yosh bilan yuzlashganlar” nomli kitob-albom, “Keksalik va ma’naviy meros”, “Keksalari e’zozlangan yurt” nomli risolalar takdimoti o‘tkaziladi. Ezgulik harakati bo‘lmish – “Keksalar haftaligi” mamlakatimizda nuroniylarga ko‘rsatilayotgan amaliy e’tiborning yorqin dalilidir.

N.Usmonova,  O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email