K1dWwWtq7TfWJXlnAxKhiIXEhrUud7pg Front

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik rivojlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat bilan uchrashdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda  investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikka qaratilgan ikki tomonlama munosabatlar atroflicha muhokama qilindi.

Ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalarida ishga solinmagan salohiyat va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishning samarasi yuqori bo‘lgan qator ustuvor yo‘nalishlar qayd etildi.


  Xususan, tomonlar O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi hamda Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni tezlashtirish, ularni qisqa muddatda imzolash dolzarbligini ta’kidladi.

2022 yilning birinchi choragida bo‘lib o‘tadigan ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 13-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari, xususan, tadbirni amaliy mazmun bilan to‘ldirish keng muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda yangi istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini o‘rnatishning keng qamrovli dasturini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.

O‘zbekistonning Andijon viloyati va Hindistonning Gujarot shtati o‘rtasida munosabatlarni faollashtirish chora-tadbirlari o‘rganildi. Bundan tashqari, investitsiyaviy, savdo va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Farg‘ona viloyati va Xaryana, Buxoro va Haydarobod, Toshkent va Nyu-Dehli shaharlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida moliyaviy-texnik hamkorlik sohasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tomonlar Hindiston Eksimbanki tomonidan O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalarida ustuvor loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 448 million dollar miqdorida mablag‘lar ajratilishini olqishlab, ushbu loyihalarni amalga joriy etish borasida birgalikda ishlashga kelishdilar.

Ta’kidlash kerak, Hindistonning grant mablag‘larini jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan IT, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy yo‘naltirilgan yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

Qolaversa, transport infratuzilmasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutib, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrlar bildirildi.
Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida “Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida yangi metrologik laboratoriyani tashkil qilish va jihozlash” hamda “O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash” loyihalarini amalga oshirish uchun grant mablag‘larini ajratish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlari ham imzolandi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email