K6eKegzohnTM5Yf5Jd2WpZJKDGQoOJcA Front

Jahon sportidagi g‘alabalar – O’zbekiston iftixoridir

O‘tayotgan yil davomida O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarda 1900 dan ziyod medallar jamlanmasiga ega chiqdi.

Yurtimiz sportchilarining jahon sport maydonlarida dovruq qozonishida ichki chempionatlarning, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining o‘rni beqiyos.  

Xo‘sh, mamlakatimiz sportchilari 2022 yil davomida qancha ichki chempionatlarda, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi? Buning natijasida shakllangan, saralangan, toblangan sportchilarimiz nechta jahon chempionati va kuboklarida qatnashdiyu, medallar salmog‘i qay ko‘rinishda bo‘ldi?  

Sportni rivojlantirish vazirligi jamoaviy sport turlari bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Mahmudov bilan shu haqda suhbatlashdik.  

Jahon sportidagi g‘alabalar – O'zbekiston iftixoridir

– O‘tayotgan yil mamlakatimiz sporti uchun sermahsul davr bo‘ldi. Hamyurtlarimiz bugungacha nechta jahon chempionatlarida qatnashib, medallar salmog‘i qay ko‘rinishda bo‘ldi?  

– Darhaqiqat, o‘tayotgan yil O‘zbekiston sporti uchun yutuqlarga boy bo‘ldi. Bugungacha yurtimizning 380 nafar atrofidagi mahoratli sportchilari 26 ta sport turi bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatlarida qatnashib, 43 ta oltin, 47 ta kumush, 42 ta bronza, jami 132 ta medallar jamlanmasini qo‘lga kiritdi.  

– Qit’a chempionatlari va xalqaro musobaqalardagi natijalarimiz qanday ko‘rinish oldi?  

– Joriy yil o‘tishi kerak bo‘lgan yozgi Osiyo o‘yinlarining Xitoydagi epidemiologik vaziyat tufayli bir yilga kechiktirilishi chempionatlar va xalqaro musobaqalar sifatiga ta’sir ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsada, natijalarimiz yomon ko‘rinish olmadi. 400 nafarga yaqin sportchilarimiz qit’a chempionatlarida, 5 mingdan ortig‘i xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qildi. Qit’a chempionati va kubok musobaqalarida hamyurtlarimiz 250 taga yaqin sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, shundan, 80 ta oltin, 76 ta kumush, 90 ta bronza medallaridan iborat bo‘ldi. Xalqaro musobaqalardagi yutuqlarimiz esa bundan ham e’tiborli: 430 ta oltin, 489 ta kumush, 521 ta bronza medallari.  

– Xalqaro musobaqalardagi natijalar albatta ichki chempionatlar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining samaradorligiga bog‘liq. Bu yil nechta O‘zbekiston chempionati va terma jamoalar uchun qancha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi?  

– Haqiqatan, jahon sport maydonlaridagi muvaffaqiyatlarimizning asosiy omili, bu – ichki chempionatlar va rejali o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hisoblanadi. Bugungacha mamlakatimizdagi mavjud sport turlari bo‘yicha Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida umumiy hisobda 550 ga yaqin rasmiy chempionat va kubok musobaqalari o‘tkazildi. Bu orqali 72 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar orasidan mahoratli sportchilar terma jamoalarga nomzod sifatida saralandi. Ular chempionlik sharafiga ega bo‘ldi. Saralangan sportchilar ishtirokida 205 ta ichki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va 85 ta xalqaro o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etildiki, aynan ular mamlakatimiz sportining «oltin zaxirasi», bo‘ldi deyishimiz mumkin.  

– Jahon sport maydonlaridagi umumiy medallarimiz soni qanchani tashkil qilmoqda?  

– Yil yakuniga qadar hali bir qator sport turlaridagi vakillarimiz jahon chempionatlari, «Parij-2024» olimpiadasi uchun o‘tkaziladigan reyting turnirlarda, ochiq birinchiliklarda qatnashayotgan pallada umumiy sovrinlarimiz soni 1900 taga yaqinlashdi.  

Shundan 550 tadan oshig‘i oltin medallar ekanligini nazarda tutsak, xalqaro sport maydonlarida 500 martadan oshiq O‘zbekiston madhiyasi yangrab, vatanimiz nomi ulug‘langanligini anglatadi.  

O‘zA

Bu makaleyi paylaş

Share on facebook
Share on google
Share on twitter
Share on linkedin
Share on pinterest
Share on print
Share on email