Kategoriler
UZA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy kengashining onlayn sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida o‘tkaziladigan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.

Tadbir Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tadi. Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Armaniston, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat – Kuba yetakchilarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Sammit kun tartibiga muvofiq, YeOII doirasidagi integratsiya jarayonlarini kengaytirish va ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yil dekabr oyidan buyon O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi hisoblanadi.

Kategoriler
UZA

Do‘ppi, bu – o`zbekning o‘zligidir


Do‘ppi bilan bosh oralig‘ida o‘ziga xos sog‘lom iqlim yaraladi. Teri orqali kirib, organizmda saraton kasalligini qo‘zg‘ovchi turli moddalar ta’siridan boshni himoya qiladi. 

Do‘ppi bu o`zbekning o‘zligidir. Hali-hanuz vodiy taraflarda mehmonni kiygan do‘ppisiga qarab qayerdan kelganini bilib olishadi. Namanganda Chust, Toshkentning duxoba, Buxoroda zardo‘ziy-zamindo‘ziy, Shahrisabzda iroqi do‘ppilar mashhur.  
Har bir millatning o‘ziga xos milliy kiyimi bor. Masalan, hindlarning sariylari, Kavkaz xalqlarining choponlari, qozoqlarning qalpoqlari bor. 

Muhammad Yusufning quyidagi she’riy to‘rtligida aytganidek: 
 

Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar, 
Bir shoir, bir nosirdan boshqa. 
Silliq sochlar, 
silliq qadamlar, 
U og‘irlik qilyapti boshga… 

 

Nigora Rahmonova, O‘zA

Kategoriler
UZA

“Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olindi

Aholini uy-joy bilan ta’minlash, xalq roziligiga erishishning muhim shartlaridan biri. Shu boisdan mamlakatimizda davlat dasturlari asosida so‘nggi to‘rt yilda 140 ming ziyod yangi uy-joylar barpo etildi. Shuncha oila hayotida unitilmas o‘zgarish, yangilik yuz berdi.

Ammo shunga qaramasda uy-joyga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolmoqda. bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 35 milliondan oshgan va bu ko‘rsatkich 2026 yilga borib 38 millionni tashkil etishi pragnoz qilinmoqda. Bu esa har bir oilani uy-joy bilan ta’minlash, hududlarni rivojlantirish dolzarb vazifa ekanligini ko‘rsatadi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olindi

Shu bois 2 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholini uy-joy bilan ta’minlash, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari masalasi muhokama etildi. Aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Yig‘ilishda yangi turar joy majmualarini aholiga maqbul shartlar va qulay imkoniyatlar asosida taqdim etish va bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan amaliy tashabbuslar ilgari surildi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish loyihasi ham aholini uy-joy bilan ta’minlashdek katta maqsadlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur massivlar kompleks rivojlanish asosida barpo etilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning 30 noyabr kuni yangi massivlar shakllantirilgan davtlabki loyiha davlatimiz rahbari huzurida muhokama qilindi va massivlar soni dastlabki 22 tadan 29 taga ko‘paytirildi.

Qurilish vazirligining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 2022 yilda uy-joylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Bunda, Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida barpo etilgan “Muruvvat” massivi namunasi asosida barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ko‘zda tutilmoqda.

Hokimliklar bilan birgalikda 30 ta massiv uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olingan. Ularda ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha, bozor infratuzilmasi va muhandislik ob’ektlarini joylashtirish bo‘yicha bosh reja loyihalari ishlab chiqildi.

Mazkur loyihaga ko‘ra, kelgusi yilda 2 ming 191 ta uylar jumladan, 56 ming xonadon, 27 ta maktab, 40 ta bog‘cha, 25 ta oilaviy poliklinika va 120 dan ortiq savdo-maishiy xizmat majmuasi qurish ko‘zda tutilmoqda.

bugungi kunda tegishli farmon loyihasi bilan yer ajratish, bosh reja va loyihalarni ishlab chiqish, buyurtmachi va pudratchilarni aniqlash, moliyalashtirish, ipoteka kreditlarini ajratish, metall va sement bilan ta’minlash, muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’ektlarini qurish masalalari hal etilmoqda.

Bundan tashqari, har bir hududning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, massivlarda daraxtlar ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda quriladigan ko‘p qavatli uylarning 9 tipdagi energiya samarador namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda yanada tejamkor va arzon uylar bo‘yicha namunaviy loyihalar tayyorlanyapti.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olindi

Yana bir ma’lumot, ushbu uylar qurilishida reytingi 3 ta “S”dan yuqori pudrat tashkilotlari ishtirok etadi. bugungi kunda bu kabi salohiyatli pudrat tashkilotlari soni 4 ming 876 tani tashkil etadi. Ya’ni, rejadagi uylar qurilishi uchun qurilish quvvatlari va imkoniyatlari yetarli. Uylar qurilishida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish, issiqlik tejovchi qoplamalar va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash ta’minlanadi. Buning uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan ham ishlanmoqda. Kelgusida ushbu ishlarni industriya darajasiga ko‘tarib, uy-joy qurilishi klasterlarini tashkil etish bo‘yicha ham ishlanmoqda.

– Dastlabki bosqichda Toshkent shahri, Farg‘ona, Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida klasterlarni tashkil qilish maqsadga muvofiq, deydi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Adilov. – Chunki mazkur hududlarda yetarlicha miqdorda pudrat tashkilotlari, loyiha institutlari, ishlab chiqarish korxonalari, xom ashyo bazasi va infratuzilma mavjud. Dastur ijrosini to‘liq ta’minlash, uylarni sifatli qurish va massivlarni kompleks barpo etish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi. Bu sharoit va imkoniyatlar yaratilib, muammolar hal etilgan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston Qozog‘istonga 50 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi III Mintaqlararo hamkorlik forumi doirasida “UZAgro Logistics Centers” kompaniyasi va “TL NIKA keden” MCHJH o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘zaro hamkorligining turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 22 ta hujjat imzolangan bo‘lsa, ulardan biri agrosanoat sohasidir.

«Agrosanoat majmuasidagi hamkorlikning kengayishi o‘zaro savdoga jiddiy turtki beradi. Mamlakatlarimiz nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasini oziq-ovqat bilan ta’minlash, balki yanada kengroq geografik miqyosda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligining o‘ziga xos kafiliga aylanishga qodir», dedi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev.

Qosim-Jomart Toqayev bu borada O‘zbekiston muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, O‘zbekistonni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi qudratli davlat», deya ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, u «qardosh O‘zbekistonning bu boradagi eksport imkoniyatlari amalda cheksiz», deya o‘z ta’rifini berdi.

Shavkat Mirziyoyevning Turkistonga tashrifi arafasida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida III Mintaqlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. Shuningdek, Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar natijasida umumiy qiymati qariyb 6,6 milliard dollarga teng bo‘lgan iqtisodiy shartnomalar tuzildi.

Ikki davlat o‘rtasidagi Mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida “UZAgro Logistics Centers” (O‘zbekiston) va «TL NIKA keden» MCHJH (Qozog‘iston) o‘rtasida hamkorlik memorandum ham imzolandi.

Bunday hamkorlikning asosiy maqsadi O‘zbekistondan Qozog‘istonga tovarlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yaratish va joriy etishdir.Shuningdek, 2005 yilda Jahon bojxona tashkiloti (JBT) tomonidan qabul qilingan xavfsizlik standartlarini tadbiq etish ham e’tibordan chetda qolmadi.

Vakolatli iqtisodiy operator va «TL NIKA keden» MCHJH bojxona vakili O‘zbekistondan Qozog‘istonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (tez buziladigan mahsulotlar) yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million dollarlik yirik shartnomalar imzoladi.

“Hamkor davlatlar hukumati iqtisodiyotni rivojlantirish, xususan, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun katta ishlarni amalga oshirmoqda. Bojxona organlari faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Ya’ni tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda bojxona chegarasi orqali o‘tish tartibi soddalashtirildi va tezlashtirildi», dedi«TL NIKA keden» MCHJ direktori Nikolay Marusevich.

Abdulaziz RUSTAMOV, O`zA

Kategoriler
UZA

Elektr energiyasi eng arzon 10 ta davlat qatoriga O‘zbekiston ham kirdi

Cable.co.uk portalining britaniyalik ekspertlari tomonidan eng arzon elektr energiyasiga ega mamlakatlar reytingi tuzildi. Unda O‘zbekiston 7 o‘rinni egalladi.

Mamlakatda bir kilovatt-soat elektr energiyasi 0,027 dollar turadi. 

Shuningdek, eng qimmat elektr energiyasi Solomon orollarida  (0,591 dollar) deb qayd etilgan.


O‘zA

Kategoriler
UZA

O`zbekiston Prezidenti farmoni bilan 182 nafar shaxs afv etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 182 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 108 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafariнинг ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 6 nafariни chet el fuqarolari, 6 nafariни 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafariни ayol hamda 25 nafariни taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan О‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Butun dunyo qatori yurtimizda ham davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli bu yil ham Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda o‘tkazishning, afsuski, imkoni bo‘lmayapti. Lekin bu bayram qalblarimizga quvonch va shukuh bag‘ishlab, oilalarimizda, mehnat jamoalari, ta’lim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Muhtaram do‘stlar!

Hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Aynan Konstitutsiyamizga tayanib, biz bundan besh yil oldin mamlakatimizda Harakatlar strategiyasini qabul qildik va Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni boshladik. O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.

Biz Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolib, shu yo‘lda keng ko‘lamli ulkan ishlarni amalga oshirdik, katta bilim va tajriba to‘pladik.

Avvalo, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot qilish faoliyatimiz mezoni etib belgilandi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo‘lga qo‘yildi.

Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi bo‘g‘inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.

Muhim qaror va qonunlar loyihalarini, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonida bugun fuqarolarimiz faol ishtirok etmoqda. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari o‘rtasidagi hamkorlik va jamoat nazorati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Yurtdoshlarimiz uchun mamlakatning xohlagan hududida emin-erkin yashash, uy-joy va ko‘chmas mulk sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, bilim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad topish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishga oid keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlarni har bir inson kundalik hayotida ko‘rmoqda, his etmoqda.

Ayniqsa, davlat tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini chet ellarda ham ta’minlash bo‘yicha boshlagan ishlarimiz xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning Vatanimizga bo‘lgan mehri va ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bunday natijalarga erishishda Konstitutsiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilayotgani muhim rol o‘ynamoqda.

Mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari dastlabki ijobiy natijasini berayotganini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mahalliy kengashlar faoliyati ham jonlanmoqda. Shu yilning o‘zida ushbu tuzilmalar orqali fuqarolarning 29 mingdan ziyod muammolari ijobiy hal etilgani, o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etmayotgan rahbarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilayotgani ham shundan dalolat beradi.

Inson huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadigan sud tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘riladigan tartib o‘rnatildi.

Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali joriy yilning o‘zida 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bog‘liq amaliyotga barham berildi. Xorijiy investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida Xalqaro tijorat arbitraji faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Advokatlarning vakolatlari kengaytirilmoqda, Oliy Majlis huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsman tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik guruhlari o‘z vazifasini samarali amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgani, 859 nafar shaxs oqlangani sud-tergov sohasidagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

Xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va olijanoblik tamoyillariga amal qilgan holda, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga nisbatan afv instituti muntazam qo‘llanmoqda. Shu boradagi ishlarimizning davomi sifatida Konstitutsiya kuni arafasida yana bir farmonga imzo chekdim. Unga ko‘ra, shu toifaga mansub 182 nafar shaxs muddatidan oldin ozod qilinib, erkin hayotga qaytarilmoqda.

Mamlakatimizda so‘z va vijdon erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini jamoatchilik fikrini ifoda etadigan “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Turli millat va diniy konfessiyalar vakillarining o‘z tili, urf-odat va an’analarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz. Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz.

Avvalo, Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni hayotga joriy etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratib, demokratik yangilanishlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz. Parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini yanada kengaytirish, ijro organlari ustidan vakillik nazoratini kuchaytirish, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ayniqsa, hududlarni rivojlantirishda mahalliy kengashlar rolini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Ma’muriy islohotlar dasturini amalga oshirish borasida davlat organlarining huquqiy maqomini aniq belgilash, ixcham boshqaruv apparatini shakllantirish va ish yuritishni raqamlashtirishga alohida ahamiyat qaratiladi.

Yana bir muhim vazifa amaldagi jinoyat qonunchiligini qayta ko‘rib chiqishdan iborat.

Hozirgi kunda koloniyalardagi mahkumlarning qariyb 80 foizi mehnatga jalb etilgan bo‘lsa-da, ularning ishlagan yillari umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanmaydi va pensiya tayinlashda inobatga olinmaydi. Ijtimoiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydigan bunday cheklovning bekor qilinishi mahkumlar tomonidan moliyaviy muhtojlik tufayli takroran jinoyat sodir etishning oldini olishga xizmat qilgan bo‘lur edi. Shuningdek, jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish uchun “dastlabki yordam paketi” tizimi joriy etiladi. Xususan, o‘zining aniq tadbirkorlik loyihasini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan sobiq mahkumlarga Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha bir martalik moddiy yordam beriladi.

Taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda uning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiramiz. Bu borada davlat idoralari bilan birga, keng jamoatchilik, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlarining kuch va salohiyatidan samarali foydalanishga jiddiy e’tibor qaratamiz.

Aziz do‘stlar!

Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak bo‘lishini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda.

Shu yil Prezident saylovi oldidan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar vakillari tomonidan bildirilgan takliflarda ana shu masala alohida qayd etilgani konstitutsiyaviy islohotlarni ob’ektiv zarurat sifatida kun tartibiga qo‘ymoqda.

Bu, ayniqsa, quyidagi holatlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Birinchidan, ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotimizda mustahkamlash zarur.

Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash bosh mezon bo‘lishi kerak. Bu – xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim shartidir.

Uchinchidan, Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham davr talabidir.

To‘rtinchidan, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yishimiz zarur.

Beshinchidan, farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi kerak.

Oltinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi, deb o‘ylayman.

Yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham o‘z aksini topishi zarur.

Sakkizinchidan, hozirgi vaqtda ko‘plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib, o‘z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi lozim.

To‘qqizinchidan, Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir.

Albatta, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarur.

Oliy Majlis palatalari, hurmatli deputat va senatorlarimiz, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlarimiz, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilarimiz, butun xalqimiz bu masalada o‘zining aniq fikr va qarashlarini bildiradilar, deb ishonaman.

Atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi bo‘lish uchun – o‘zgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi bo‘lish uchun esa yanada ko‘proq o‘zgarish kerak”, degan so‘zlarida, o‘ylaymanki, teran hayotiy ma’no mujassam.

Darhaqiqat, bugungi shiddatli davr bizdan zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasini tayyorlashimiz, uni umumxalq muhokamasiga qo‘yib, bildirilgan takliflar asosida takomillashtirish, ushbu muhim siyosiy hujjatni 2022 yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilish, o‘ylaymanki, milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ish bo‘ladi.

Aziz va qadrli vatandoshlar!

Mana shu ulug‘ ayyomda xalqimizning dilidagi bir fikrni yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: Yangi O‘zbekistondagi islohotlar endi hech qachon ortga qaytmaydi.

Yangi O‘zbekiston g‘oyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulug‘ maqsad yo‘lida yanada jipslashib, g‘ayrat-shijoat va mas’uliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz.

Ishonchim komil, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin g‘oyat qiyin va murakkab, og‘ir sinovli yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan insonlarni kelgusi avlodlar minnatdorlik bilan eslaydi.

Barchamizga ana shunday buyuk baxt va sharaf yor bo‘lsin!

Jonajon O‘zbekistonimiz doimo gullab-yashnasin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi bilan memorandum imzoladi

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida kinematografiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati.

Mazkur memorandum 6-8 dekabr kunlari Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbek kino kunlari” doirasida imzolandi.

Unga ko‘ra, o‘zbek va qozoq kinoijodkorlari o‘rtasida hamkorlikda “Qo‘shnilar” (“Sosedi”) hamda  “Eshelonlar Sharqqa ketadi” («Eshelonы idut na Vostok») kabi yangi kinoloyihalarning suratga olinishi yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, joriy yilda o‘zbek va qozoq ijodkorlari hamkorlikda “Meros” badiiy filmi va “Abay so‘zi” hujjatli kartinalari suratga olingan edi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi bilan memorandum imzoladi

Endilikda ikki davlat o‘rtasida yana yangi kinoloyihalar ishga tushiriladi. Shuningdek, ta’lim, kinosanoatni yanada rivojlantirish, kadrlar almashinuvi, kinoprodyuserlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi bilan memorandum imzoladi

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbek kino kunlari” doirasida yangi filmlar premeralari, ijodkorlar davra suhbatlari, kinoijodkorlar bilan mahorat darslari, animatsion va hujjatli filmlar namoyishlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi bilan memorandum imzoladi

Shuningdek, ikki davlat telekanallarida o‘zbek va qozoq milliy filmlarining namoyishlari bo‘lib o‘tadi.

D.Mamatova, O‘zA

Kategoriler
UZA

O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlar

Samarali muzokaralardan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar. Hujjatda qardosh xalqlarimizning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlar

Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlar

Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan. Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlar

Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.

Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

Kategoriler
UZA

Og‘ir atletika: Toshkent 10 kun mobaynida dunyo e’tiborida bo‘ladi

Ertaga, 7 dekabr kuni Toshkentda dunyo sport olamining eng nufuzli musobaqalaridan biri – og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 86-jahon chempionati bahslari boshlanadi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi kabi nufuzli tashkilotlar va dunyodagi minglab og‘ir atletika sport turi mutaxassislari, ishqibozlari diqqat-markazida bo‘lgan mazkur nufuzli chempionat sababli xalqaro sport maydonida O‘zbekistonga qiziqish har qachongidan ham yuqori bo‘lib qolmoqda.

Xorijiy nashrlar, internet tarmoqlarida O‘zbekiston, Toshkent, 86-jahon chempionati mavzusi bot-bot tilga olinmoqda. Xalqaro sport olamida rasmiy axborotlar tarqatish borasida o‘z o‘rniga ega Insidethegames sayti deyarli bir oydan beri har ikki kunning birida mazkur jahon chempionatiga bag‘ishlangan maqola va xabarlarni chop etib kelmoqda.

Kuni kecha ushbu sayt Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi(IWF) oldidagi 160 ming dollar qarzini to‘lab bergan Misr davlati og‘ir atletikachilariga Toshkentda o‘tadigan jahon chempionatida qatnashishga ruxsat berilgani to‘g‘risidagi xabarni chop etdi.

Xabarda aytilishicha, Misr og‘ir atletika federatsiyasiga IWF oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarganligi hamda tashkiliy qo‘mita roziligi bilan O‘zbekistonga borishiga izn berildi hamda Toshkent sport maydonlarida Misrning 6 nafar sportchisi – Muhammad Exaba (81 kg), Karim Xala (89 kg), Axmad Ashur, Yaser Abdallax Galal (96 kg), Axmad Abdel-Xamid Gabr (+ 109 kg) va ayol og‘ir atletikachilardan Neama Said (64 kg) hamda Xalima Abdel-Azim (+87 kg) qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Baxtiyor Abdukarimovning bildirishicha, bugungacha 86-jahon chempionatida ishtirok etish uchun Ukraina, Bangladesh, Janubiy Koreya, Filippin, Tunis, Tailand, Malayziya kabi yigirmaga yaqin davlatlarning terma jamoa a’zolari Toshkentga yetib kelishdi. Poytaxtimizdagi belgilangan sport zallarida musobaqaga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib borishmoqda.

Chempionatda qatnashish etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sport delegatsiyalari Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi va aloqador tashkilotlarning mutaxassislaridan tuzilgan maxsus guruh tomonidan tantanali kutib olinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, og‘ir atletika bo‘yicha 86-jahon chempionati bahslari 7-17 dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 74 ta davlatidan 187 nafar xotin-qiz va 245 nafar erkak og‘ir atletikachilar qatnashish uchun talabnomalarni taqdim etgan.

Ahamiyatlisi, 10 kun davom etadigan chempionat bahslarida Tokio, Rio olimpiadasi g‘oliblari, jahon chempionlari, turli darajadagi xalqaro turnirlarning g‘olib va sovrindorlari jahonning eng kuchli sportchisi bo‘lish uchun maydonga chiqishadi. “Yunusobod” sport majmuasida o‘tadigan murosasiz kurashlarning transliyatsiyasi dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi.

Mazkur nufuzli jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston og‘ir atletikachilari bugun, 6 dekabr kuni tongda Ukraina davlatida o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yakunlab, yurtimizga qaytib kelishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA